O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
O‘zbekiston

Toshkent metropoliteni delegatsiyasi Xitoydagi NARINCO zavodiga tashrif buyurdi

UzDaily tahririyati · 07.08.2026 · 21:20 · 28 views
Toshkent metropoliteni delegatsiyasi Xitoydagi NARINCO zavodiga tashrif buyurdi
Toshkent metropoliteni delegatsiyasi Xitoydagi NARINCO zavodiga tashrif buyurdi / Foto: “Toshkent metropoliteni” DUK.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Xitoy Xalq Respublikasidagi xizmat safari doirasida “Toshkent metropoliteni” DUK bosh muhandisi hamda delegatsiyaning navbatdagi manzili Ichki Mo‘g‘uliston avtonom rayonining Baotou shahrida joylashgan NARINCO temirni qayta ishlash zavodi bo‘ldi.

NARINCO korxonasi temir va po‘lat mahsulotlari, temiryo‘l relslari, strelkali o‘tkazgichlar, yirik metall konstruksiyalar hamda sanoat ehtiyojlari uchun mo‘ljallangan turli metall buyumlarni ishlab chiqarishga ixtisoslashgan zamonaviy sanoat majmuasi hisoblanadi.

Tashrif davomida delegatsiya korxonaning ishlab chiqarish quvvatlari, temirni qayta ishlash texnologiyalari hamda mahsulot ishlab chiqarishning to‘liq texnologik jarayonlari bilan yaqindan tanishdi. Xususan, temiryo‘l relslari, strelkali o‘tkazgichlar (relsli o‘tkazgichlar), po‘lat quvurlar va boshqa metall mahsulotlarini ishlab chiqarish bosqichlari ko‘zdan kechirildi.

Shuningdek, korxonada ishlab chiqarish jarayonlarini boshqarish tizimi, zamonaviy avtomatlashtirilgan texnologiyalar hamda markaziy boshqaruv markazi faoliyati bilan tanishildi. Delegatsiyaga korxonadagi barcha ishlab chiqarish jarayonlarini yagona markazdan real vaqt rejimida kuzatish va boshqarish imkonini beruvchi ilg‘or boshqaruv paneli namoyish etildi.

Mazkur boshqaruv markazi sun’iy intellekt elementlari, raqamli monitoring hamda avtomatlashtirilgan nazorat tizimlari asosida faoliyat yuritib, ishlab chiqarish samaradorligini oshirish, mahsulot sifatini ta’minlash va sanoat xavfsizligini mustahkamlashda muhim o‘rin tutadi.

Korxona mutaxassislari tomonidan ushbu boshqaruv markazi dunyodagi eng zamonaviy va yuqori texnologik boshqaruv tizimlaridan biri ekani, ishlab chiqarishning barcha bosqichlarini yagona platforma orqali uzluksiz boshqarish imkoniyatiga egaligi haqida batafsil ma’lumot berildi.

Tashrif yakunida tomonlar metallurgiya va temiryo‘l sanoatida qo‘llanilayotgan ilg‘or texnologiyalar, mahsulot sifati, innovatsion yechimlar hamda istiqboldagi hamkorlik imkoniyatlari yuzasidan fikr almashdilar.