Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Rossiyada ota-ona qaramog‘isiz qolgan yana yetti nafar voyaga yetmagan bola O‘zbekistonga qaytarildi.
Ular orasida jazoni ijro etish muassasalarida jazo o‘tayotgan onalar o‘zbekistonlik vakillarga topshirgan uch nafar bola ham bor.
Bolalarning navbatdagi guruhi 15 sentyabr kuni O‘zbekistonga yetib keldi.
Ularni qaytarish ishlari Ichki ishlar vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi va Milliy ijtimoiy himoya agentligi xodimlari tomonidan bolalar ombudsmani hamda Rossiyadagi O‘zbekiston konsullik muassasalari ko‘magida tashkil etildi.
Ushbu guruh Rossiyadan voyaga yetmaganlarni repatriatsiya qilish bo‘yicha xizmat safari doirasida qaytarilgan uchinchi guruh bo‘ldi. Ushbu mamlakatda olib borilgan ishlar davomida jami 30 nafar bola O‘zbekistonga qaytarildi. Yana ikki nafar voyaga yetmagan bola Qozog‘istondan olib kelindi.
Bolalar qaytarilganidan so‘ng mutaxassislar ularni keyinchalik joylashtirish masalalari bilan shug‘ullanmoqda. Avvalo, voyaga yetmaganlarni oilalariga qaytarish imkoniyati ko‘rib chiqilmoqda. Agar buning imkoni bo‘lmasa, ular uchun joylashtirishning boshqa shakllari tanlanadi.
Bolalarga zarur tibbiy, psixologik va ijtimoiy yordam ko‘rsatiladi. Ularning holatini “Inson” markazlari kuzatib boradi.
Mutaxassislar moslashuv davrida bolalar va ularning oilalariga hamrohlik qiladi.
Voyaga yetmaganlarni qaytarish bo‘yicha ishlar davom ettirilmoqda. Ayni paytda bir nafar bolani O‘zbekistonga qaytarish uchun Gruziyaga xizmat safari tayyorlanmoqda. Turkiya bilan esa voyaga yetmaganlarni repatriatsiya qilish masalasi bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda.