Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Janubiy Koreya O‘zbekiston va boshqa davlatlardan qurilish sohasidagi malakali mutaxassislarni E-7 vizasi asosida ishga qabul qilishni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmoqda. Ko‘rib chiqilayotgan loyiha doirasida boshlang‘ich oylik maosh 2 156 880 vonni yoki taxminan 1 560 dollarni tashkil etadi. Bu haqda Migratsiya agentligi xabar berdi.
O‘zbekiston fuqarolari uchun Koreya mehnat bozoridagi imkoniyatlarni kengaytirish istiqbollarini Migratsiya agentligi direktori Muxsinxoja Abduraxmonov qurilish sohasidagi rekruting kompaniyalari vakillari bilan muhokama qildi. Uchrashuvda Worksmate asoschisi Kim Se-von va Hyun Ju rahbari Li Si-dok ishtirok etdi.
Ayni paytda ikki davlat o‘rtasida amal qilayotgan EPS tizimi doirasida mehnat migrantlari E-9 ish vizalari asosida Janubiy Koreyaga uyushgan tarzda yuborilmoqda. Tomonlar qurilish yo‘nalishi bo‘yicha EPS-TOPIK imtihonini muvaffaqiyatli topshirgan nomzodlarni tanlash jarayonini faollashtirish zarurligini taʼkidladi.
Agentlik Koreyaning qurilish kompaniyalari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni kengaytirish hamda ularga o‘zbekistonlik nomzodlarning imkoniyatlari va malakasini taqdim etishni taklif qildi.
Worksmate Janubiy Koreyadagi 1 500 dan ortiq qurilish kompaniyasi bilan bog‘langan GADA platformasini taqdim etdi.
Ushbu servis nomzodlarning ish tajribasi haqidagi maʼlumotlarni saqlash, hujjatlarni raqamli shaklda boshqarish hamda ishchilar va ish beruvchilar o‘rtasidagi hamkorlikni soddalashtirish imkonini beradi.
Tomonlar GADA platformasini Migratsiya agentligining Xorijda Ish platformasi bilan ehtimoliy integratsiya qilish masalasini ham muhokama qildi. O‘zbekistonlik foydalanuvchilarning shaxsiy maʼlumotlarini himoya qilish masalasiga alohida eʼtibor qaratildi.
Bundan tashqari, E-7 vizalari asosida malakali mutaxassislarni jalb qilish masalasi muhokama qilindi. Worksmate vakillari tegishli tuzilmalar ishtirokida O‘zbekiston, Mongoliya, Vyetnam va Tailanddan ishchilarni ishga jalb qilish loyihasi ustida ish olib borilayotganini maʼlum qildi.
Taqdim etilgan shartlarga ko‘ra, loyiha ishtirokchilarining boshlang‘ich oylik maoshi 2 156 880 vonni tashkil etadi va keyinchalik uni oshirish imkoniyati mavjud.
Loyihada kamida besh yillik ish tajribasiga ega texnikum bitiruvchilari, shuningdek, bakalavr diplomi va kamida bir yillik ish stajiga ega oliy taʼlim muassasalari bitiruvchilari ishtirok etishi mumkin. Magistr darajasiga ega mutaxassislar uchun ish tajribasi talabi qo‘yilmaydi.
Migratsiya agentligi kadrlarni dastlabki va maqsadli tayyorlashni tashkil etishni taklif qildi. Bunda talabalarga koreys tili va kasbiy ko‘nikmalarni o‘rgatish, O‘zbekistonda qurilish sohasida ish tajribasini orttirish hamda keyinchalik ularni Janubiy Koreyada ishga joylashtirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqish nazarda tutilmoqda.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar hamkorlikni rivojlantirish va istiqbolli yo‘nalishlarni birgalikda o‘rganishni nazarda tutuvchi niyatlar to‘g‘risidagi xatni (LOI) imzoladi. Muzokaralarni davom ettirish va kadrlar tayyorlash tizimi bilan tanishish uchun Worksmate rahbariyati O‘zbekistonga taklif qilindi.
Migratsiya agentligi maʼlumotlariga ko‘ra, 2007 yildan buyon qariyb 50 ming nafar O‘zbekiston fuqarosi E-9 vizalari asosida Janubiy Koreyada ishga joylashtirilgan. 2025–2026 yillarda yana 668 nafar fuqaro Hyundai Heavy Industries va Ulsan hukumati ko‘magida Farg‘onada tashkil etilgan maxsus markazda til, madaniyat va kasbiy tayyorgarlikdan o‘tdi.