Samarqandda yuk mashinasi haydovchisi YTHda halok bo‘ldi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Samarqand viloyatining Nurobod tumanida harakat vaqtida haydovchi kabinasida yong‘in chiqishi ortidan sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasi natijasida MAN rusumli yuk avtomobili haydovchisi halok bo‘ldi. Bu haqda Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi maʼlum qildi.
Hodisa 6 avgust kuni soat taxminan 16:00 da Nurobod tumani “Mehnatkash” mahallasi hududidan o‘tuvchi A-378 avtomobil yo‘lining 35-kilometrida sodir bo‘lgan.
Dastlabki maʼlumotlarga ko‘ra, yuk avtomobili Samarqand–Qashqadaryo yo‘nalishi bo‘ylab harakatlanayotgan vaqtda haydovchi kabinasida to‘satdan yong‘in chiqqan. Transport vositasini to‘xtatishga uringan haydovchi boshqaruvni yo‘qotgan, shundan so‘ng yuk avtomobili beton yo‘l to‘sig‘iga urilib, ag‘darilib ketgan.
Olingan tan jarohatlari oqibatida haydovchi voqea joyida vafot etgan.
Mazkur yo‘l-transport hodisasi yuzasidan Nurobod tumani Ichki ishlar bo‘limi huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda, yong‘in kelib chiqish sabablari va hodisaning barcha holatlari aniqlanmoqda.
Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi haydovchilarni transport vositalarining texnik holatini muntazam tekshirib turishga hamda yo‘l harakati xavfsizligi talablariga qatʼiy rioya qilishga chaqirdi.