Urganchda BYD haydovchisi bir nechta mashinani urib yubordi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Urganchda BYD Chazor haydovchisi qasddan uchta avtomobilni urib yubordi. Hodisa oqibatida avtomobillarga texnik zarar yetgan, biroq hech kim jarohatlanmagan. Bu haqda Xorazm viloyati Ichki ishlar boshqarmasi matbuot xizmati xabar berdi.
Hodisa 4 avgust kuni Urganch shahridagi “Istiqlol” mahallasida sodir bo‘lgan. Mahalliy fuqaro, 2000 yilda tug‘ilgan Sh.B. va Urganch tumanidagi “Shermatlar” mahallasida yashovchi, 1999 yilda tug‘ilgan X.B. o‘rtasida nizo kelib chiqqan.
Shundan so‘ng X.B. o‘ziga tegishli qora rangli BYD Chazor avtomobilini boshqarib, qasddan Sh.B.ga tegishli Cobalt avtomobilini urib yuborgan. Bundan tashqari, yaqinda turgan boshqa fuqarolarga tegishli oq rangli BYD Chazor va Damas avtomobillari ham shikastlangan.
Avtomobillarga texnik zarar yetkazilgan.
Ichki ishlar organlari xodimlari xavf tugmasi ishga tushganidan so‘ng voqea joyiga yetib kelib, haydovchining harakatlariga chek qo‘ygan.
Hozirda Urganch shahar Ichki ishlar boshqarmasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilmoqda. Tekshiruv yakunlari bo‘yicha qonun doirasida qaror qabul qilinadi.