O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
Iqtisod

Oʻzbekiston va Janubiy Koreya sogʻliqni saqlash sohasidagi hamkorlikni kengaytiradi

UzDaily tahririyati · 10.08.2026 · 11:30 · 38 views
Oʻzbekiston va Janubiy Koreya sogʻliqni saqlash sohasidagi hamkorlikni kengaytiradi
Oʻzbekiston va Janubiy Koreya sogʻliqni saqlash sohasidagi hamkorlikni kengaytiradi / Foto: Tibbiyot va farmatsevtika sanoatini rivojlantirish agentligi.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Tibbiyot va farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizov Koreya Respublikasidan kelgan delegatsiya bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Delegatsiya tarkibidan Korea Foundation for International Healthcare (KOFIH) direktori Rejina Xan, Economic Development Cooperation Fund (EDCF) direktori Sangjin Kang, Research Institute of Sustainable Technology Innovation and Consulting (RISTI) direktori Vusong Li hamda mazkur tashkilotlar vakillari o‘rin oldi.

Muloqotda sog‘liqni saqlash, farmatsevtika va biotexnologiya sohalarida o‘zaro hamkorlikni kengaytirishning ustuvor yo‘nalishlari muhokama qilindi.

Xususan, ilmiy-tadqiqot infratuzilmasini rivojlantirish, klinik va doklinik tadqiqotlarni kengaytirish, "Smart Biocluster" loyihasini amalga oshirish, yuqori malakali kadrlar tayyorlash hamda sog‘liqni saqlash tizimiga raqamli texnologiyalar va sunʼiy intellekt yechimlarini joriy etish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Uchrashuvda Agentlik direktori Koreya Respublikasi O‘zbekistonning sog‘liqni saqlash va farmatsevtika sohalaridagi muhim strategik hamkorlaridan biri ekanini taʼkidlab, ilm-fan, innovatsiyalar va biotexnologiyalarni rivojlantirishga qaratilgan qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish muhim ahamiyat kasb etishini qayd etdi.

Koreya tomoni vakillari O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash va farmatsevtika sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlar hamda taqdim etilgan tashabbuslarni yuqori baholab, o‘zaro hamkorlikni yangi yo‘nalishlar bilan boyitish uchun keng imkoniyatlar mavjudligini taʼkidladilar.