LIVE: «Samarkand-2028» sun’iy yo‘ldoshining uchirilishi
Video«Samarkand-2028» sun’iy yo‘ldoshining uchirilishi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston 5 avgust kuni «Samarkand-2028» giperspektral Yerni masofadan zondlash sun’iy yo‘ldoshini orbitaga chiqarishni rejalashtirmoqda. Uchirish Xitoydagi Haiyan-Vostok kosmodromidan amalga oshiriladi va Toshkent vaqti bilan soat 07:00 dan 09:00 gacha bo‘lishi kutilmoqda.
Yerni masofadan zondlash sun'iy yo'ldoshi «Samarkand-2028»ning uchirilishi «O'zbekkosmos» agentligining YouTube-kanalida jonli translyatsiya qilinmoqda.
Sun’iy yo‘ldosh Xitoyning STAR.VISION kompaniyasi tomonidan O‘zbekistonning Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi — «O‘zbekkosmos» bilan hamkorlikda yaratilgan. Agentlikda bu missiyani milliy kosmik dasturni rivojlantirish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish hamda O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi ilmiy-texnologik hamkorlikni mustahkamlashning muhim bosqichi sifatida baholashmoqda.
«Samarkand-2028» Yerni masofadan zondlash bo‘yicha giperspektral sun’iy yo‘ldoshlar sinfiga kiradi. Cheklangan spektral diapazonlarda ishlaydigan an’anaviy sun’iy yo‘ldoshlardan farqli o‘laroq, u Yer yuzasidan qaytgan nurlanishni 20 dan ortiq spektral diapazonda tahlil qilish imkoniyatiga ega. Bu qishloq xo‘jaligi ekinlari holati, suv va tabiiy resurslar, atrof-muhit haqida batafsilroq ma’lumot olish, shuningdek yerdan foydalanishdagi o‘zgarishlarni kuzatish imkonini beradi.
Apparatning asosiy xususiyatlaridan biri — «O‘zbekkosmos» mutaxassislari ishlab chiqqan sun’iy intellekt moduli. U sun’iy yo‘ldosh ma’lumotlarining bir qismini Yerga uzatishdan oldin bevosita kosmik apparat bortida qayta ishlash uchun mo‘ljallangan. Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, bu uzatiladigan axborot hajmini qisqartirish, zarur ma’lumotlarni tezroq olish va ularni keyingi tahlil qilish samaradorligini oshirish imkonini beradi.
Sun’iy yo‘ldoshdan olinadigan ma’lumotlarni qishloq xo‘jaligi, suv resurslarini boshqarish, atrof-muhit va tabiiy resurslar monitoringi, favqulodda vaziyatlarni erta aniqlash, shaharsozlik hamda yerdan oqilona foydalanish sohalarida qo‘llash rejalashtirilmoqda. Loyiha, shuningdek, kosmik texnika, sun’iy intellekt va sun’iy yo‘ldosh ma’lumotlarini qayta ishlash yo‘nalishlarida milliy mutaxassislarni tayyorlash uchun texnologik maydon sifatida ham qaralmoqda.
«Samarkand-2028» nomi 2028 yilda Samarqand shahri 79-Xalqaro astronavtika kongressini qabul qilishi bilan bog‘liq. Forumni O‘zbekistonda o‘tkazish to‘g‘risidagi qaror 2025 yilda Sidneyda (Avstraliya) bo‘lib o‘tgan Xalqaro astronavtika kongressida qabul qilingan edi.
Agentlikda uchirish vaqti noqulay ob-havo sharoitlari yoki texnik xavflar yuzaga kelgan taqdirda o‘zgartirilishi yoki boshqa muddatga ko‘chirilishi mumkinligini ta’kidlashdi. Bunday qarorlar xalqaro amaliyotda odatiy hol bo‘lib, kosmik missiya xavfsizligi va barcha tizimlarning ishonchli ishlashini ta’minlash maqsadida qabul qilinadi.