Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Yuta universiteti (University of Utah) delegatsiyasi O‘zbekiston Raqamli texnologiyalar vazirligiga tashrif buyurib, IT sanoati va raqamli hukumatni rivojlantirish bilan tanishdi, shuningdek, kadrlar tayyorlash va texnologik loyihalar sohasida hamkorlik istiqbollarini muhokama qildi.
Tashrif doirasida universitet vakillari uchun IT Park faoliyati taqdimoti o‘tkazildi.
Delegatsiyaga O‘zbekistonda IT sanoatini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar, mahalliy va xorijiy texnologik kompaniyalar uchun yaratilgan imkoniyatlar, startap ekotizimini shakllantirish va IT xizmatlari eksportini kengaytirish masalalari haqida maʼlumot berildi.
Shuningdek, delegatsiya UZINFOCOM faoliyati bilan tanishdi. Universitet vakillariga raqamli hukumat infratuzilmasini rivojlantirish, davlat xizmatlarini raqamlashtirish, zamonaviy axborot tizimlari va raqamli platformalarni joriy etish bo‘yicha loyihalar taqdim etildi.
Shundan so‘ng raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatovning Yuta universiteti delegatsiyasi bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Tomonlar O‘zbekiston raqamli iqtisodiyotini rivojlantirish, IT va sunʼiy intellekt sohalarida yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash, shuningdek, universitetlar va texnologik kompaniyalar o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildi.
Uchrashuvda IT sohasida faoliyat yuritayotgan kompaniyalar soni ortishi malakali mutaxassislarga bo‘lgan talabning oshishi bilan birga kechayotgani qayd etildi. Shu munosabat bilan universitetlar negizida startaplarni yaratish va rivojlantirish, professor-o‘qituvchilar va talabalarning texnologik loyihalarini qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, MVP bosqichigacha mentorlik va investitsiyalar jalb qilish imkoniyatlarini rivojlantirish bo‘yicha hamkorlik qilish taklif etildi.
Hamkorlik yo‘nalishlaridan biri Yuta universiteti tajribasini IT sohasida mutaxassislar tayyorlaydigan O‘zbekiston oliy taʼlim muassasalarining taʼlim imkoniyatlari bilan integratsiya qilish bo‘lishi mumkin.
O‘yin industriyasi uchun kadrlar tayyorlash va ushbu yo‘nalishda startap ekotizimini shakllantirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Ishtirokchilar Yuta universitetining o‘yin industriyasi, kompyuter fanlari va sunʼiy intellekt sohalaridagi taʼlim va ilmiy-tadqiqot salohiyatidan O‘zbekistonda ushbu yo‘nalishlarni rivojlantirish uchun foydalanish imkoniyatlarini muhokama qildi.
Bundan tashqari, tomonlar sunʼiy intellekt sohasida qo‘shma tadqiqotlar o‘tkazish, AI texnologiyalarining mehnat bozoriga taʼsirini o‘rganish, shuningdek, masʼuliyatli va xavfsiz yechimlarni ishlab chiqish istiqbollarini ko‘rib chiqdi.
Yuta universiteti vakillari oliy taʼlim muassasasida masʼuliyatli sunʼiy intellekt sohasidagi tadqiqotlarga katta eʼtibor qaratilishini taʼkidladi hamda o‘zbek tomoni bilan qo‘shma ilmiy loyihalarni amalga oshirishga qiziqish bildirdi.
Muloqot davomida raqamli davlat xizmatlarini rivojlantirish bilan bir qatorda kiberxavfsizlik sohasida malakali mutaxassislar tayyorlash zarurligi ham qayd etildi. Tomonlar o‘qituvchilar malakasini oshirish, qo‘shma dasturlarni amalga oshirish va kiberxavfsizlik sohasida zamonaviy ko‘nikmalarga ega mutaxassislar tayyorlash imkoniyatlarini ko‘rib chiqdi.
Uchrashuv yakunida ishtirokchilar raqamli iqtisodiyot, BPO va KPO xizmatlari, masofaviy ish o‘rinlarini yaratish, kompyuter fanlari, sunʼiy intellekt, o‘yin industriyasi va taʼlim sohalarida hamkorlik mexanizmlarini ishlab chiqish muhimligini taʼkidladi.