Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Ozarbayjon, Qozog‘iston, Turkiya va O‘zbekiston Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT) doirasida kosmik sohada hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha kelishuv imzoladi.
Hujjat Antaliyada 77-Xalqaro astronavtika kongressi doirasida imzolandi. Tadbirda Uzcosmos agentligi direktori Shuhrat Qodirov ishtirok etdi.
Tomonlar «Turkiy davlatlar tashkiloti doirasida hamkorlik salohiyatini rivojlantirish bo‘yicha kosmik sanoat sohasidagi dastlabki doiraviy shartnoma»ni tuzdilar.
Kelishuv TDT davlatlari o‘rtasida kosmik sohaning qator yo‘nalishlarida hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan. Ular qatoriga kosmik texnologiyalarni rivojlantirish, sunʼiy yo‘ldoshlarni ishlab chiqish, ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish, sanoat kooperatsiyasi, shuningdek, kasbiy va texnologik salohiyatni oshirish kiradi.
Hujjatning imzolanishi turkiy davlatlarning kosmik sohadagi hamkorligi uchun institutsional asosni shakllantirish yo‘lidagi navbatdagi qadam bo‘ldi.