"O‘zbekneftgaz" delegatsiyasi "Honghua Group"da burg‘ilash dastgohlari tayyorlanish jarayonini ko‘zdan kechirdi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — "O‘zbekneftgaz" AJ Boshqaruv raisi boshchiligidagi delegatsiyaning Xitoy Xalq Respublikasiga amaliy safari ikkinchi kunida dunyodagi yetakchi burg‘ilash uskunalari ishlab chiqaruvchilardan biri — "Honghua Group" kompaniyasining ishlab chiqarish majmualariga tashrif amalga oshirildi.
Unda tomonlar o‘rtasida 4 ta zamonaviy burg‘ilash dastgohini yetkazib berish bo‘yicha imzolangan shartnoma ijrosi doirasida uskunalarni ishlab chiqarish, yig‘ish va sinovdan o‘tkazish jarayonlari bilan yaqindan tanishildi.
Delegatsiya a'zolari zavodning asosiy ishlab chiqarish bo‘linmalarini bevosita ko‘zdan kechirib, metall konstruksiyalar tayyorlash, mexanik ishlov berish, yirik uzellarni yig‘ish hamda yakuniy montaj jarayonlari bilan tanishdi.
Shuningdek, "Honghua Group" mutaxassislari tomonidan buyurtma asosida tayyorlanayotgan burg‘ilash dastgohlarining texnik parametrlari, xalqaro standartlarga muvofiqligi, raqamli boshqaruv tizimlari imkoniyatlari haqida batafsil ma’lumot berildi.
Uchrashuvda shartnoma ijrosining joriy holati, uskunalarni belgilangan muddatlarda yetkazib berish va servis xizmatini tashkil etish bilan bog‘liq masalalar ham muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, mazkur loyiha "O‘zbekneftgaz" AJning burg‘ilash parklarini zamonaviy texnika bilan bosqichma-bosqich yangilash, ishlab chiqarish xarajatlarini optimallashtirish hamda burg‘ilash ishlari imkoniyatlarini yanada kengaytirishda muhim ahamiyat kasb etadi.