O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
Iqtisod

Oʻzbekiston va Saudiya Arabistoni farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligini tartibga solishni muhokama qilishdi

Dilafro'z Niyazova · 10.08.2026 · 11:25 · 30 views
Oʻzbekiston va Saudiya Arabistoni farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligini tartibga solishni muhokama qilishdi
Oʻzbekiston va Saudiya Arabistoni farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligini tartibga solishni muhokama qilishdi / Foto: Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — "Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi" DMda Saudiya Arabistoni hamda Hindistonning farmatsevika kompaniyalari vakillari ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Unda O‘zbekistonda dori vositalarini muomalaga kiritish bilan bog‘liq regulyator masalalar, xususan, ularni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, tan olish orqali ro‘yxatdan o‘tkazish, sertifikatlashtirish, hujjatlarni taqdim etish hamda ekspertizadan o‘tkazish tartiblari muhokama qilindi.

Uchrashuv davomida Markaz mutaxassislari xorijiy kompaniyalar vakillariga O‘zbekistonda dori vositalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish jarayonining amaldagi tartiblari yuzasidan batafsil ma’lumot berdi.

Shuningdek, Saudiya tomoni Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi va Saudi Food and Drug Authority (SFDA) o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish va mustahkamlashga ko‘maklashishga tayyorligini bildirdi.

Tomonlar SFDAning regulyator sohasidagi ilg‘or tajribasidan foydalanish Markazning xalqaro standartlarga muvofiq faoliyatini yanada takomillashtirish, xususan, kelgusida JSSTning ML3 darajasiga erishish yo‘lidagi ishlar uchun muhim ahamiyatga ega ekanini qayd etdi.

Uchrashuv yakunida tomonlar amaliy hamkorlikni davom ettirish, sohada o‘zaro tajriba almashish hamda yuzaga keladigan masalalarni ishchi tartibda muhokama qilib borish bo‘yicha kelishuvga erishdi.