O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
O‘zbekiston

Senat uy-joy kommunal xizmatlari sohasidagi boshqaruv kompaniyalari tomonidan ko'rsatiladigan xizmatlar sifatini ko'rib chiqdi

UzDaily tahririyati · 10.07.2026 · 18:00 · 41 views
Senat uy-joy kommunal xizmatlari sohasidagi boshqaruv kompaniyalari tomonidan ko'rsatiladigan xizmatlar sifatini ko'rib chiqdi

Senat uy-joy kommunal xizmatlari sohasidagi boshqaruv kompaniyalari tomonidan ko'rsatiladigan xizmatlar sifatini ko'rib chiqdi

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Senatning 17-yalpi majlisida Boshqaruv servis kompaniyalari va uy-joy mulkdorlari shirkatlari tomonidan koʻrsatilayotgan xizmatlarning sifati toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament soʻrovi natijalari  koʻrib chiqildi.

Muhokama jarayonida qayd etilganidek, parlament soʻrovida koʻtarilgan masalalar yuzasidan bir qator ishlar amalga oshirilgan. Xususan, boshqaruv servis kompaniyalarini tanlashda mulkdorlarning bevosita ishtirokini taʼminlash maqsadida, joriy yilning 1-iyulidan boshlab Toshkent shahrida koʻp kvartirali uylarda joy mulkdorlarining umumiy yigʻilishlarini tashabbus qilish, oʻtkazish va qaror qabul qilish, shartnomalar tuzish, boshqaruvchilar tomonidan hisobotlar taqdim etish jarayonlari faqat “Mening uyim” axborot tizimi orqali amalga oshirilishi yoʻlga qoʻyilgan.

Shuningdek, mazkur tartib 2027-yildan boshlab respublikaning barcha hududlarida joriy etiladi.

Bundan tashqari, “Mening uyim” axborot tizimining mobil ilovasi va veb-platformasi orqali mulkdorlarga kommunal toʻlovlarni kuzatish va amalga oshirish, boshqaruv kompaniyalari faoliyatini baholash, murojaatlar yuborish hamda koʻp kvartirali uylarga tutash hududlardagi qonunbuzilishlar haqida vakolatli organlarga elektron tarzda xabar berish imkoniyatlari ham yaratilgan.

Majlisda sohada raqamli transformatsiya jarayonlari ham izchil davom etayotgani qayd etildi. Majburiy toʻlovlar hisobini yuritish, har bir koʻp kvartirali uy uchun alohida bank hisob raqamlarini ochish, sohani raqamlashtirish, mulkdorlar uchun elektron xizmatlarni kengaytirish hamda boshqaruv organlarining elektron reestrini shakllantirish boʻyicha ishlar amalga oshirilgani taʼkidlandi.

Shu bilan birga, koʻp kvartirali uylarni boshqarish organlarining elektron reestri hamda “Turar joy” milliy axborot idoralararo platformasi ishga tushirilib, uy-joylarning texnik holati toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni real vaqt rejimida yuritish va yangilab borish mexanizmi yoʻlga qoʻyilgan.

Senatorlar oʻz chiqishlarida sohada hal etilishi lozim boʻlgan qator vazifalar, jumladan, boshqaruv servis kompaniyalari faoliyatini reyting asosida baholash, raqobat muhitini kuchaytirish va ilgʻor xorijiy tajribani keng joriy etish yuzasidan taklif va tavsiyalarini bildirdi.

Muhokama yakunida Senatning ushbu sohani yanada takomillashtirishga qaratilgan tegishli qarori qabul qilindi.