Qashqadaryoda haydovchi YPX mashinasiga borib urildi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumanida yo‘l-patrul xizmati xodimlari to‘xtash talabini bajarmasdan qochishga uringan va xizmat avtomobiliga borib urilgan Nexia-2 haydovchisini ushladi. Bu haqda Qashqadaryo viloyati IIB xabar berdi.
Hodisa YPX xodimlarining tungi navbatchiligi vaqtida sodir bo‘lgan. Inspektorlar Nexia-2 haydovchisidan to‘xtashni talab qilgan, biroq u talabni bajarmasdan harakatini davom ettirgan.
Keyingi chorrahada boshqa YPX xodimi ham haydovchiga to‘xtash ishorasini bergan, ammo erkak yana uning talabini inkor etib, qochishga uringan.
Shundan so‘ng patrul ekipaji xizmat avtomobili yordamida yo‘lni to‘sgan. Nexia-2 haydovchisi YPX avtomobili bilan to‘qnashib, harakatini davom ettirgan.
Keyinroq yo‘l-patrul xizmati xodimlari erkakni to‘xtatib, ushlagan.
IIB tomonidan eʼlon qilingan videoda ushlangan shaxs hujjatlari bo‘lmagani sababli qo‘rqib ketgani va shuning uchun harakatni qarama-qarshi yo‘lak bo‘ylab davom ettirganini aytgan. U, shuningdek, YPX xodimining xizmat avtomobiliga urilgani va hodisa joyidan yashiringanini tan olgan.
«Qilgan ishimdan afsusdaman. Boshqa bunday holat takrorlanmaydi. Qonun hamma narsadan ustun, jazo muqarrar», — dedi erkak.
U boshqa haydovchilarni ham bunday harakatlarni sodir etmaslikka chaqirdi.