O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
O‘zbekiston

Navoiyda 340 mln so‘mlik oltinning noqonuniy savdosi to‘xtatildi

Dilafro'z Niyazova · 13.08.2026 · 13:35 · 37 views
Navoiyda 340 mln so‘mlik oltinning noqonuniy savdosi to‘xtatildi
Navoiyda 340 mln so‘mlik oltinning noqonuniy savdosi to‘xtatildi / Foto: Davlat xavfsizlik xizmati videosidan olingan tasvir.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Navoiy shahrida 340 mln so‘mlik oltinning noqonuniy savdosiga chek qo‘yildi. Tezkor tadbir davomida Davlat xavfsizlik xizmati va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari Buxoro viloyatining Shofirkon tumanida yashovchi, 1987 va 1993 yillarda tug‘ilgan ikki nafar fuqaroni ushladi.

Tadbir «Xavfsiz va sog‘lom mamlakat» tezkor-profilaktik tadbirlari doirasida o‘tkazildi.

Huquqni muhofaza qiluvchi organlar maʼlumotiga ko‘ra, erkaklar xaridorga 212,9 gramm oltin quymalarini 340 mln so‘mga sotish bo‘yicha kelishgan.

Savdo jarayonida sotuvchilar xaridorga 999 probali 26,3 gramm oltinni berib, qolgan qismini keyinroq yetkazib berishlarini bildirgan. Xaridordan 20 ming dollar va 100 mln so‘mni olayotgan vaqtda ular qo‘lga olingan. Ulardan ashyoviy dalillar ham aniqlangan.

Bundan tashqari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar qo‘lga olingan shaxslardan biri o‘z uyida qum tarkibidan oltin ajratib olish bo‘yicha yashirin sex tashkil qilganini aniqlagan.

Qo‘lga olingan shaxslarga nisbatan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 177-moddasi 4-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.