Namanganda 577 mln so‘mlik dori vositalari musodara qilindi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Namanganda tegishli hujjatlari va sifat kafolati bo‘lmagan 13 184 dona dori vositasi aniqlandi. Ularning umumiy qiymati 577,381 million so‘mni tashkil etgan. Tezkor tadbir Davlat xavfsizlik xizmati, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti va Bojxona qo‘mitasi xodimlari tomonidan o‘tkazildi.
Namangan shahridagi xonadonlardan birini xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirish vaqtida 56 turdagi dori vositalari aniqlandi.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar maʼlumotiga ko‘ra, 1996 yilda tug‘ilgan fuqaro preparatlarni keyinchalik sotish maqsadida sanitariya meʼyorlariga zid ravishda saqlagan.
Musodara qilingan dorilar orasida “Sefotaksim”, “Bifidumbakterin”, “Atropin”, «Tidomet Forte» va boshqa preparatlar bo‘lgan.
Baholash xulosasiga ko‘ra, ularning umumiy qiymati 577 million 381 ming so‘mni tashkil etgan.
Dori vositalari noqonuniy ombor sifatida foydalanilgan xonada saqlangani aniqlangan. Idoralar maʼlumotiga ko‘ra, preparatlar qo‘shni respublika hududidan aylanma yo‘llar orqali olib kirilgan.
Fuqaroga nisbatan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 186-3-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Fuqarolardan shunga o‘xshash huquqbuzarliklar haqida Davlat xavfsizlik xizmatiga 1520 qisqa raqami orqali xabar berish so‘raldi.
Murojaat qiluvchilarning shaxsi sir saqlanishi kafolatlanadi.