Toshkentda ko'chalarni obodonlashtirishni hisobga olgan holda yangi piyodalar yo'nalishi paydo bo'ldi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Toshkentda Yandex Maps foydalanuvchilari uchun yangi piyoda yo‘nalish turi — «Yashil» marshrut ishga tushirildi. Endi xizmat manzilgacha yo‘l tuzishda daraxtlar ko‘proq bo‘lgan, yozgi issiqda yurish uchun qulayroq yo‘nalishni ham taklif qiladi. Bu funksiya ilk bor Toshkent shahrida joriy etildi.
«Yashil» marshrutni aniqlash uchun algoritm har bir yo‘nalishni bir nechta mezon asosida baholaydi. U ochiq hududlar ulushi, daraxt shox-shabbalari bilan qoplangan maydonlar zichligi, havo harorati hamda marshrut uzunligini hisobga oladi. Shuningdek, algoritm yo‘l davomida ochiq va soyali hududlar qanday navbatlashishini ham tahlil qiladi. Chunki inson quyosh ostida qancha uzoq yursa, yo‘l shuncha issiq va noqulay sezilishi mumkin. Shu bois daraxtlar soyasi tushadigan hududlarning marshrut bo‘ylab bir maromda joylashgani muhim ahamiyatga ega.
Bunday yo‘nalishlarni aniqlash uchun Yandex Maps jamoasi Toshkentdagi daraxtlarning raqamli xaritasini yaratdi. Neyrotarmoq yordamida kartograflar shaharning sun’iy yo‘ldosh tasvirlarini tahlil qilib, daraxtlar tojlari qayerda joylashgani va ular qanday maydonni egallashini aniqladi. Model 100 kvadrat kilometr maydonni qamrab olgan rangli sun’iy yo‘ldosh tasvirini bir-ikki daqiqa ichida qayta ishlab, unda daraxtlar joylashgan hududlarni ajratib ko‘rsata oladi. Modelni o‘qitish jarayonida foydalanilmagan nazorat tasvirlari tanlovida esa daraxtlarni aniqlash aniqligi qariyb 90 foizni tashkil etdi. Shundan so‘ng olingan natijalar piyodalar ko‘chalari, yo‘laklar va piyodalar o‘tish joylari bilan taqqoslandi.
«Yashil» marshrut kundalik hayotda turli vaziyatlarda asqotishi mumkin. Masalan, metro yoki avtobus bekatiga borayotganda, shahar bo‘ylab sayr qilganda yoki yaqindagi do‘kon yoki qahvaxonaga yo‘l olganda. Yangi imkoniyatdan foydalanish uchun Yandex Maps'da boshlang‘ich va yakuniy nuqtani belgilab, piyoda marshrutini qurish kifoya. Agar taklif etilgan yo‘nalishlar orasida «Yashil» marshrut mavjud bo‘lsa, xizmat uni xaritada alohida ko‘rsatadi. Foydalanuvchi marshrutlarni vaqt va masofa bo‘yicha taqqoslab, o‘zi uchun eng maqbulini tanlashi mumkin.