O‘zbekiston $60 mlnlik mayiz eksport qildi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston 2026 yil yanvar-iyun oylarida 57 ta xorijiy davlatga 47,7 ming tonna mayiz eksport qildi. Eksportning umumiy qiymati 60 million dollarni tashkil etdi. O‘tgan yilning mos davriga nisbatan eksport hajmi 704,5 tonnaga oshdi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi xabar berdi.
O‘zbekiston mayizining eng yirik xaridori Qozog‘iston bo‘ldi. Ushbu davlatga 15,2 ming tonna mahsulot yetkazib berildi. Ikkinchi o‘rinda 6 ming tonna import hajmi bilan Xitoy, uchinchi o‘rinda esa 5,6 ming tonna mayiz xarid qilgan Rossiya qayd etildi.
Hisobot davrida Turkiyaga 3,9 ming tonna, Eronga 1,7 ming tonna, Ukrainaga esa 1,6 ming tonna mayiz eksport qilindi.
Ozarbayjon 1,4 ming tonna, Gruziya 1,2 ming tonna, Birlashgan Arab Amirliklari 1,1 ming tonna, Germaniya esa 1 ming tonna o‘zbek mayizini import qildi.
Yana 994,2 tonna o‘zbek mayizi Braziliyaga eksport qilindi. Boshqa davlatlar hissasiga qariyb 8 ming tonna yetkazib berish to‘g‘ri keldi.
UN Comtrade maʼlumotlar bazasiga ko‘ra, 2024 yilda O‘zbekiston 53 ming tonna mayiz eksport qilib, ushbu mahsulot eksporti hajmi bo‘yicha dunyoda yettinchi o‘rinni egallagan.
2024 yilda mayizning dunyodagi eng yirik eksportchisi Turkiya bo‘lib, mamlakat xorijga 205,9 ming tonna mahsulot yetkazib bergan. Janubiy Afrika Respublikasi 81,7 ming tonna, Xitoy 76,4 ming tonna, Chili esa 59,1 ming tonna mayiz eksport qilgan.
Eng yirik beshta eksportchi davlat qatoriga 55,6 ming tonna ko‘rsatkich bilan Hindiston ham kirgan. AQSH 53,7 ming tonna, O‘zbekiston esa 53 ming tonna mayiz eksport qilgan.
Reytingda keyingi o‘rinlarni Argentina 38,5 ming tonna, Gretsiya 15,6 ming tonna va Niderlandiya 12,7 ming tonna ko‘rsatkich bilan egallagan.