O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
O‘zbekiston

Toshkentdagi qurilishda tuproq o‘pirilishi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

UzDaily tahririyati · 04.08.2026 · 18:10 · 27 views
Toshkentdagi qurilishda tuproq o‘pirilishi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
Toshkentdagi qurilishda tuproq o‘pirilishi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi / Foto: UzDaily.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Bosh prokuraturasi Toshkent shahri Olmazor tumanidagi Beruniy ko‘chasida joylashgan mehmonxona qurilishi maydonida qurilish chuqurining o‘pirilishi yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atdi. Hodisa oqibatida bir kishi tan jarohati olib, shifoxonaga yotqizildi.

Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov maʼlum qilishicha, qurilish obyektiga aloqador kompaniya mansabdor shaxslari harakatlarida O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 257-moddasi (mehnatni muhofaza qilish qoidalarini buzish) hamda 192-11-moddasida (nodavlat tashkiloti mansabdor shaxsining o‘z vakolatlarini suiisteʼmol qilishi) nazarda tutilgan jinoyat alomatlari mavjud.

Avvalroq hodisa joyidan tarqalgan videolarda jabrlangan bo‘lishi mumkinligi haqida xabarlar paydo bo‘lgan edi. Shu bilan birga, Toshkent shahar hokimligi dastlabki xabar eʼlon qilingan paytda tibbiy yordam so‘rab hech kim murojaat qilmaganini maʼlum qilgan. Shahar maʼmuriyati, shuningdek, shaharsozlik qonunchiligi va qurilish meʼyorlari talablarini buzgan barcha shaxslar qonunchilikda belgilangan tartibda javobgarlikka tortilishini taʼkidlagan.

Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi maʼlum qilishicha, hodisa joyida tegishli idoralar va masʼul mansabdor shaxslar ish olib bormoqda. Hozirda hodisa holatlari har tomonlama tekshirilmoqda.

Tekshiruv doirasida mutaxassislar qurilish ishlarining tasdiqlangan loyiha hujjatlariga muvofiqligi, qurilish chuqurini qazishda shaharsozlik va texnik talablarga rioya etilgani, shuningdek, mehnatni muhofaza qilish va xavfsizlik texnikasi meʼyorlarining bajarilganini o‘rganmoqda.

Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi tekshiruv yakunlari bo‘yicha qo‘shimcha maʼlumot taqdim etishini bildirdi.