Toshkent — Osh yo‘liga “aqlli” svetoforlar o‘rnatildi
Toshkent — Osh yo‘liga “aqlli” svetoforlar o‘rnatildi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Toshkent viloyatida yo‘l infratuzilmasini modernizatsiya qilish ishlari davom etmoqda. A-373 Toshkent — Osh avtomobil yo‘lining 3–9-kilometrlar oralig‘ida joylashgan tartibga solinadigan piyodalar o‘tish joylarida zamonaviy intellektual svetofor majmualari ishga tushirildi.
Yangi tizimlar svetofor obyektlarini markazlashgan holda boshqarish, transport oqimini tezkor tartibga solish, tirbandliklar yuzaga kelish ehtimolini kamaytirish hamda yo‘l harakati xavfsizligini oshirish imkonini beradi.
Shuningdek, intellektual svetoforlarni joriy etish yo‘l harakati qoidalariga rioya etilishini kuchaytirish, piyodalar va haydovchilar xavfsizligini yana-da taʼminlashga qaratilgan.
Mutasaddi idorada taʼkidlanishicha, zamonaviy texnologiyalar yo‘llarda xavfsizlikni oshirishga xizmat qiladi. Biroq yo‘l-transport hodisalarining oldini olishning asosiy sharti barcha yo‘l harakati ishtirokchilarining masʼuliyatli xulq-atvori bo‘lib qolmoqda.
Haydovchilar va piyodalar svetofor signallariga qatʼiy amal qilish, yo‘lda doimo eʼtiborli bo‘lish hamda bir-biriga hurmat bilan munosabatda bo‘lishga chaqirildi.