Toshkent aeroportida Nordwind'ning Qozondan ilk reysi kutib olindi
Toshkent aeroportida Nordwind'ning Qozondan ilk reysi kutib olindi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — 18-iyul kuni Toshkent vaqti bilan soat 06:20 da Toshkent xalqaro aeroporti Rossiyaning Nordwind Airlines aviakompaniyasining Qozon – Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha amalga oshirilgan ilk muntazam reysini qabul qildi.
Aviatsiya an’anasiga muvofiq, yangi yo‘nalish ochilganini ifodalovchi suv arkasi ostida havo kemasi tantanali ravishda kutib olindi. Ilk reys bortida 220 nafar yo‘lovchi Toshkentga yetib keldi. Shu kunning o‘zida, Toshkent vaqti bilan soat 08:15 da bortida 207 nafar yo‘lovchisi bo‘lgan havo kemasi ortga — Qozon shahriga jo‘nab ketdi.
Qozon va Toshkent o‘rtasidagi muntazam qatnovlar haftasiga ikki marta: dushanba va juma kunlari Qozondan, shuningdek, seshanba va shanba kunlari Toshkentdan amalga oshiriladi. parvoz davomiyligi taxminan 3 soat 30 daqiqani tashkil etadi.
Nordwind Airlines ushbu yo‘nalishda qatnovlarni amalga oshiradigan beshinchi aviatashuvchiga aylandi. Shuningdek, Toshkent – Qozon yo‘nalishida Uzbekistan Airways, Centrum Air, FlyOne Asia va UVT Aero aviakompaniyalari ham muntazam qatnovlarni amalga oshirmoqda.
Nordwind Airlines — 2008-yilda tashkil etilgan Rossiyaning xususiy aviakompaniyasi. Aviakompaniyaning asosiy aeroporti Moskva shahridagi Sheremetyevo xalqaro aeroporti hisoblanadi. Uning yo‘nalishlar tarmog‘i 200 dan ortiq yo‘nalishlarni qamrab olgan bo‘lib, parvozlar Boeing 737, Boeing 777, Airbus A321 hamda Airbus A330 havo kemalarida amalga oshiriladi.