IIV va Advokatlar palatasi hamkorlik memorandumini imzoladi
IIV va Advokatlar palatasi hamkorlik memorandumini imzoladi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi va O‘zbekiston Respublikasi Advokatlar palatasi korrupsiyaning oldini olish, huquqni qo‘llash amaliyotini takomillashtirish hamda qonuniylikni mustahkamlash sohalarida hamkorlikni rivojlantirishni nazarda tutuvchi Hamkorlik memorandumini imzoladi.
Imzolash marosimida ichki ishlar vazirining o‘rinbosari Rustam Mirzayev, Advokatlar palatasi raisi Shuhrat Sadiqov, har ikki tashkilot vakillari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Tadbir davomida korrupsiyaning oldini olishning zamonaviy tizimi nafaqat sodir etilgan huquqbuzarliklarni aniqlashga, balki eng avvalo ularning kelib chiqishiga sabab bo‘ladigan omillar va shart-sharoitlarni bartaraf etishga qaratilgan bo‘lishi lozimligi taʼkidlandi. Bu vazifani samarali hal etish uchun qonunchilikni qo‘llash bo‘yicha amaliy tajribaga ega professional hamjamiyat ishtirokining muhimligi qayd etildi.
Memorandumga muvofiq, tomonlar professional hamkorlik uchun doimiy faoliyat yurituvchi muloqot maydonini tashkil etadi.
Uning doirasida huquqni qo‘llash amaliyoti bilan bog‘liq masalalarni birgalikda tahlil qilish, korrupsiyaviy xavf-xatarlarning tizimli sabablarini aniqlash, ularni bartaraf etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish, qonunchilikni takomillashtirishga doir tashabbuslarni muhokama qilish, shuningdek, qo‘shma seminarlar, o‘quv tadbirlari, ilmiy-amaliy konferensiyalar o‘tkazish va professional tajriba almashish rejalashtirilgan.
Qonuniylikni taʼminlash, fuqarolarning huquq va erkinliklariga rioya qilish, ichki ishlar organlari xodimlarining huquqiy madaniyatini oshirish hamda korrupsiyaviy holatlarning oldini olish bo‘yicha yagona yondashuvlarni shakllantirishga alohida eʼtibor qaratiladi.
Marosim davomida taʼkidlanganidek, memorandumning imzolanishi davlat organi bilan mustaqil professional hamjamiyat o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, ichki ishlar organlari faoliyatining ochiqligini oshirish hamda yana-da samarali tashkiliy va huquqiy qarorlarni qabul qilishga xizmat qiladi.
Kelishuvni amalga oshirish har ikki tomonning qonunchilikda belgilangan vakolatlari va mustaqilligiga rioya etilgan holda olib boriladi.
Hamkorlikning yakuniy maqsadi sifatida qonuniylikni mustahkamlash, korrupsiya profilaktikasi samaradorligini oshirish, fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, shuningdek, ichki ishlar organlari va advokatura institutiga bo‘lgan jamoatchilik ishonchini mustahkamlash belgilandi.