Zarafshon milliy bog'i raqamli patrullikka o'tmoqda
Zarafshon milliy bog'i raqamli patrullikka o'tmoqda
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi, Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar departamenti hamda **Germaniya Xalqaro Hamkorlik Jamiyati (GIZ)**ning "Markaziy Osiyoda iqlim bilan bog‘liq xavflarni boshqarish" (Climate Risk Management in Central Asia) mintaqaviy dasturi hamkorligida Zarafshon milliy tabiat bog‘ida SMART Patrol tizimini joriy etishga bag‘ishlangan besh kunlik amaliy trening muvaffaqiyatli yakunlandi.
SMART (Spatial Monitoring and Reporting Tool) — qo‘riqlanadigan tabiiy hududlarda patrul faoliyatini raqamlashtirish, monitoring qilish va boshqarish samaradorligini oshirishga mo‘ljallangan zamonaviy axborot tizimidir.
Tizim yordamida inspektorlar patrul yo‘nalishlari, aniqlangan huquqbuzarliklar, yovvoyi hayvonlar kuzatuvlari va boshqa dala ma’lumotlarini geografik koordinatalar bilan birgalikda elektron shaklda qayd etadi. To‘plangan ma’lumotlar yagona ma’lumotlar bazasida jamlanib, tahlil qilinadi hamda qo‘riqlanadigan tabiiy hududlarni boshqarish, biologik xilma-xillikni muhofaza qilish va patrul faoliyati samaradorligini oshirish bo‘yicha dalillarga asoslangan boshqaruv qarorlarini qabul qilishga xizmat qiladi.
13–17-iyul kunlari davomida o‘tkazilgan treningda Zarafshon milliy tabiat bog‘i inspektorlari, mutaxassislari hamda ma’lumotlar bazasi operatorlari SMART Patrol tizimidan foydalanish bo‘yicha nazariy bilim va amaliy ko‘nikmalarni muvaffaqiyatli o‘zlashtirdilar.
Trening yakuniga ko‘ra, bog‘ inspektorlari endilikda qog‘oz shaklidagi patrul jurnallari o‘rniga maxsus himoyalangan smartfonlarga o‘rnatilgan SMART Mobile ilovasi orqali patrul ma’lumotlarini elektron shaklda yig‘ish, geografik koordinatalar bilan qayd etish hamda ularni markazlashtirilgan ma’lumotlar bazasiga uzatish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.
Mazkur trening GIZ tomonidan Germaniya hukumati topshirig‘i bilan amalga oshirilayotgan "Markaziy Osiyoda iqlim bilan bog‘liq xavflarni boshqarish" (Climate Risk Management in Central Asia) mintaqaviy dasturi doirasida Zarafshon milliy tabiat bog‘ida SMART Patrol tizimini joriy etish bo‘yicha o‘tkazilgan birinchi keng ko‘lamli oflayn amaliy tadbir bo‘ldi.
Trening mashg‘ulotlarini Niderlandiyalik ekolog va yovvoyi tabiatni muhofaza qilish bo‘yicha xalqaro ekspert Michiel Hötte olib bordi. Loyihaning navbatdagi bosqichida Zarafshon milliy tabiat bog‘i inspektorlari tomonidan keyingi olti oy davomida SMART Patrol tizimi orqali patrul ma’lumotlari muntazam ravishda yig‘ib boriladi.
Mazkur ma’lumotlar park ma’lumotlar bazasi operatorlari hamda Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar departamenti mutaxassislari tomonidan doimiy ravishda tahlil qilinadi.
To‘plangan ma’lumotlar asosida SMART Patrol tizimining ilk kompleks tahliliy hisoboti ishlab chiqiladi. Mazkur hisobot Zarafshon milliy tabiat bog‘i hamda Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi rahbariyatiga patrul faoliyati samaradorligi, aniqlangan huquqbuzarliklar, biologik xilma-xillik monitoringi va muhofaza tadbirlarining natijadorligini yagona platformada kompleks baholash imkonini beradi.
Hisobot biologik xilma-xillikni muhofaza qilishni yanada takomillashtirish, resurslardan oqilona foydalanish hamda dalillarga asoslangan boshqaruv qarorlarini qabul qilish uchun muhim axborot manbai bo‘lib xizmat qiladi. Trening yakunida barcha ishtirokchilarga SMART Patrol tizimi bo‘yicha o‘quv dasturini muvaffaqiyatli tamomlaganlikni tasdiqlovchi sertifikatlar topshirildi.