O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
O‘zbekiston

Mirziyoyev mahallalar va "yetti mahalla" islohotini e'lon qildi

UzDaily tahririyati · 16.07.2026 · 20:15 · 40 views
Mirziyoyev mahallalar va "yetti mahalla" islohotini e'lon qildi

Mirziyoyev mahallalar va "yetti mahalla" islohotini e'lon qildi

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida mahallalarga yangi muhit olib kirish hamda “mahalla yettiligi” faoliyatini yangicha tashkil qilish boʻyicha videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi.

Davlatimiz rahbari bu yil infratuzilmani yaxshilash, odamlar va tadbirkorlar uchun sharoit yaratish maqsadida tumanlarga oʻrtacha 250 milliard soʻmdan, mahallalarga esa 5,5 milliard soʻmdan mablagʻ berilganini taʼkidladi.

Tuman hokimlari va mahalla raislarining tushum boʻyicha vakolatlari kengaytirilgani natijasida hududda qoladigan qoʻshimcha daromad 2 barobargacha koʻpaydi. Tumanlarda oʻrtacha 22 milliard soʻmdan qoʻshimcha mablagʻ qoldi, mahalla budjetiga esa oʻrtacha 150-200 million soʻm tushdi.

– Loʻnda aytganda, hududdagi masalalarni hal qilish uchun hokimda ham, mahalla raisida ham, umuman, “yettilik”ning har bir vakilida resurs va vakolat bor. Yetishmayotgan jihat – masʼuliyat va tashabbuskorlik, – dedi Prezidentimiz.

Tahlillar ayrim mahallalarda muammolar vaqtida hal etilmayotganini koʻrsatmoqda. Shu yilning oʻzida Xalq qabulxonalari orqali 87 ta mahallaning har biridan 200 dan ortiq murojaat kelib tushgan.

Shuningdek, “Tashabbusli budjet” dasturi doirasida bu yil 7,5 trillion soʻm ajratilgan boʻlsa-da, 2 ming 136 ta mahallada birorta loyiha gʻolib chiqmagan. Kichik loyihalar uchun banklar tomonidan olti oyda 18,5 trillion soʻm resurs ajratilib, 110 mingta mikroloyiha amalga oshirilgan, 259 ming odam ishli boʻlgan. Lekin 47 ta mahallada bor-yoʻgʻi 2 tadan mikroloyiha ishga tushirilgan.

Ayrim tumanlarda loyihalarga kambagʻal oilalarni jalb qilish darajasi pastligi, 960 ta kambagʻal oila yashaydigan 32 ta mahallada birorta ham ehtiyojmand odam doimiy ishga joylashtirilmagani tanqid qilindi. Shuningdek, 883 ta mahallada bankirlar xonadonbay yurib, loyiha qilmagani, tadbirkorlar bilan uchrashmagani qayd etildi.

Shu sababli yil boshidan mahallada ishni toʻgʻri tashkil qilmagan 152 nafar rahbar ishdan olingan, yana 700 nafariga intizomiy chora koʻrilgan.

Yigʻilishda mahallalarda jinoyatchilikni jilovlash, aholi muammolarini hal etish va “yettilik” masʼuliyatini oshirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Davlatimiz rahbari mahalla odamlar uchun chinakam ishonch, tayanch va imkoniyatlar markaziga aylanishi zarurligini taʼkidladi.

Yaqinda mahalla boshqaruvini samarali tashkil qilish boʻyicha Prezident farmoni imzolandi. Unga koʻra, mahalla raisi ijtimoiy muammolarni qayd etuvchi shaxsdan oʻz hududining “iqtisodiy buyurtmachisi”ga aylanishi kerak.

Endi har bir mahalla raisi oʻz hududining iqtisodiy va ijtimoiy buyurtmasini shakllantiradi. Bunda muammo aniq hisob-kitob qilinadi, loyiha tayyorlanib, masʼul tashkilotlarga vazifa qoʻyiladi. Mahallalarda xususiy bogʻcha, maktab, klinika va sport inshootlari qurish uchun yerni auksionga chiqarish vakolati ham mahalla raislariga beriladi.

Davlatimiz rahbari mahalla raisi ijtimoiy muammolarni hal qilish, tozalikni taʼminlash va daromadni koʻpaytirishga xizmat qiladigan loyihalarda tashabbuskor boʻlishi zarurligini taʼkidladi.

Bunday loyihalar uchun “mahalla yettilik”lariga 10 million soʻmdan grant ajratiladi. Ushbu maqsadlar uchun jami 240 milliard soʻm resurs shakllantiriladi.

Mahalla raisi oʻz hududining haqiqiy boshqaruvchisi boʻlishi shart. U hokim yordamchisi, xotin-qizlar faoli, yoshlar yetakchisi, ijtimoiy xodim, profilaktika inspektori, soliqchi va mahalla bankirining haftalik hamda oylik ish rejasini tasdiqlab beradi, ularga aniq vazifa qoʻyib, soʻrov qilib boradi.

“Yettilik” faoliyatini metodik qoʻllab-quvvatlash va hududdagi muammolarga ilmiy yondashish uchun Mahallani rivojlantirish milliy instituti tashkil etiladi. U “yettilik”ni oʻqitadi, mahallalardagi dolzarb masalalarga ilmiy yechimlar ishlab chiqadi.

Yigʻilishda mahalla bankirlarining ish uslubi ham tubdan oʻzgarishi belgilandi. Endi banklar har bir mahallaning “oʻsish nuqtasi”ni aniqlab, tashabbuskorlarni topishi va daromadli loyihalarni koʻpaytirishi zarur. Bundan buyon bitta mahalla bankiriga koʻpi bilan uchta mahalla biriktiriladi.

Mahalla bankirlari hududdagi bank mijozlari bilan ishlab, ish oʻrinlari va ularga qoʻyilgan talabni aniqlaydi. Mahalladagi ishsizlarni shu kasblarga oʻqitish uchun bandlik boʻlimiga buyurtma beradi va oʻqishni bitirganlarni ishga joylashtiradi.

Joriy yil oilaviy tadbirkorlik loyihalari uchun qoʻshimcha 2 trillion soʻm imtiyozli resurs berildi. “Ogʻir” mahallalar uchun kredit stavkasi 17,5 foizdan 12 foizga tushirildi. Endi mahalla bankirlari oʻzi topgan loyihasi uchun ushbu resursdan foydalanishi mumkin boʻladi.

Davlat banklari mahallalarni ixtisoslashtirish, “Agrostar” kompaniyalari bilan birga “yetishtirish – qayta ishlash – saqlash – qadoqlash – sotish” zanjirini yaratish boʻyicha ishlaydi. Bir oyda 1 mingta mahallada ish boshlash, har bir mahallada kamida 3 tadan “lokomotiv” loyihani amalga oshirish vazifasi qoʻyildi.

Mahallalar budjetini mustahkamlash boʻyicha ham yangi tashabbuslar ilgari surildi. Endilikda mahalladagi noturar obyektlardan tushgan yer va mulk soligʻining 5 foizi ham mahallaning oʻziga beriladi. Bu orqali mahallalar ixtiyorida yiliga yana 400 milliard soʻm mablagʻ qoladi.

Yil davomida eng koʻp tadbirkorlarni roʻyxatga olgan, eng koʻp yangi ish oʻrni yaratgan, tushum darajasi eng yuqori boʻlgan va eng koʻp qoʻshimcha soliq bazasi topgan 200 ta mahallaga 2 milliard soʻmdan mukofot beriladi.

Umuman, yangi tashabbuslar hisobiga mahallalar budjetiga tushum joriy yil 1 trillion 600 milliard soʻmga, kelasi yildan esa 2 trillion soʻmga yetadi.

Yurtimizda 2026-yil “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb eʼlon qilingan. Shu asosda barcha sohalardagi islohotlar natijasi, avvalo, mahallada va odamlarning kayfiyatida namoyon boʻlishi kerakligi taʼkidlandi.

Bu yil Vatanimiz mustaqilligining 35 yilligi “Yagona Vatan, yagona xalq boʻlib, yangi hayot va kelajak yaratamiz” degan ezgu gʻoya asosida keng nishonlanadi. Eng ulugʻ, eng aziz bayramni mahallalarda koʻtarinki ruhda oʻtkazish uchun “Mahallada obodlik va mehr-saxovat oyligi” eʼlon qilindi.

Mahallada obodonchilik ishlarini tashkil etish boʻyicha Bosh vazir boshchiligida respublika shtabi tuziladi, hududiy shtablarga hokimlar rahbarlik qiladi. Bu ishlar bir oylik aksiya emas, balki yil boʻyi ishlaydigan umummilliy harakatga aylantirilishi zarurligi taʼkidlandi.

Mehnatga yarasha ragʻbat boʻlishi uchun yil yakuni bilan koʻp qavatli uylardagi “Eng orasta xonadon”, mahalladagi “Eng fayzli hovli”, hududdagi “Eng obod koʻcha”, tuman va viloyatdagi “Eng namunali mahalla” nominatsiyalari joriy etiladi.

Tanlov gʻoliblari boʻlgan koʻp qavatli uylardagi kvartiralar uchun mol-mulk soligʻidan, hovli-joylar uchun esa yer soligʻidan imtiyoz beriladi. Yaxshi tajriba yaratgan “mahalla yettiligi” mukofotlanadi, ularning ish uslubi boshqa hududlarga namuna qilib koʻrsatiladi.

– Mahalla – xalqqa eng yaqin boshqaruv boʻgʻini. Odamlarning kundalik masalalari shu yerning oʻzida, ortiqcha ovoragarchiliksiz hal boʻlishi kerak, – dedi Prezidentimiz.

Hozir “yettilik” orqali 100 ga yaqin xizmat koʻrsatilmoqda. Endi barcha davlat xizmatlari bosqichma-bosqich mahallaga tushiriladi.

Mahallalarda ijtimoiy yordamlar koʻlamini kengaytirish masalasi ham muhokama qilindi. Joylarda ijtimoiy reyestrga kiritishni asossiz rad etish yoki sunʼiy ravishda reyestrdan chiqarish holatlari uchrayotgani tanqid qilindi.

Oqibatda ehtiyojmand oilalar ijtimoiy yordam olish, farzandini bogʻcha va toʻgarakka berish kabi kafolatlangan xizmatlardan foydalana olmayapti. 184 ta mahallada bir oy ichida kelgan 2 ming arizaning barchasi asossiz rad qilingan. Shu sababli reyestrga kirish masalasida Prezidentga murojaatlar yil boshidan 1,5 barobar oshib, 30 mingdan 46 mingga koʻpaygan.

Bosh prokuraturaga ijtimoiy reyestr toʻgʻri yuritilishini qatʼiy nazorat qilish topshirildi. Yil yakunigacha nogironlikni erta aniqlash, xonadonlarni moslashtirish, ijtimoiy uyga joylashtirish kabi 25 turdagi xizmatni mahallaga tushirish vazifasi qoʻyildi.

Uch oyda demensiya va aqliy zaifligi boʻlgan shaxslar uchun 250 ta mahallada kunduzgi va uyda parvarish xizmati hamda “Madad” uylari, 75 ta mahallada oʻzgalar parvarishiga muhtoj keksalar uchun “Faol hayot” dasturi, shuningdek, qarovsiz qolgan va zoʻravonlikka uchragan bolalar uchun qoʻllab-quvvatlash markazlari tashkil etiladi.

Mahallalarda jinoyatchilikni jilovlash boʻyicha yaratilgan tizim oʻz natijasini bermoqda. Soʻnggi uch yilda kriminogen vaziyati ogʻir boʻlgan 1 ming 162 ta mahallaning 571 tasida bu yil birorta jinoyat sodir etilmadi.

Jumladan, videokameralar oʻrnatish, xavfsiz koʻcha va yoʻlaklar tashkil qilish, oilalarga psixologik yordam koʻrsatish, ehtiyojmand, ishsiz va jinoyatga moyil aholi qatlami bilan manzilli ish olib borish natijasida “qizil” toifadagi ayrim mahallalarda jinoyat sodir etilmagan.

Jinoyatchilikni jilovlashga masʼul ilmiy tashkilotlar bilan birga namunali mahallalar tajribasi asosida metodika ishlab chiqiladi. Yil davomida “qizil” va “sariq” toifadagi mahallalar profilaktika inspektorlari ushbu metodika boʻyicha joyiga borib oʻqitiladi.

Yigʻilish davomida mutasaddilarning axborotlari tinglandi, mahalla vakillari bilan muloqot qilindi.