Deputatlar investitsiyalarni jalb qilish va dual ta'limni rivojlantirish choralarini ma'qulladilar
Deputatlar investitsiyalarni jalb qilish va dual ta'limni rivojlantirish choralarini ma'qulladilar
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Majlisda “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasini ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
Qonun loyihasi mamlakatimizning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish, xususan, chet el fuqarolarining mamlakatimiz iqtisodiyotiga sarmoya kiritishini rag‘batlantirish, to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilishda qulay shart-sharoitlar yaratishga qaratilgan. Loyihada shuningdek mamlakatimizda dual ta’lim tizimini rivojlantirishga qaratilgan choralar ham ko‘zda tutilgan.
Xalq vakillari fikricha, qonun loyihada ko‘zda tutilgan soliq ma’murchiligini soddalashtirish, xususan chet el fuqarolari uchun maxsus soliq rejimining joriy qilinishi ularning O‘zbekiston Respublikasidan tashqarida olgan daromadlarini soliqdan ozod qilish imkonini beradi. Bu esa, mamlakatimizda xorijiy investorlar uchun yanada jozibador muhit yaratishga xizmat qiladi.
Shuningdek, loyihada sanoat korxonalarida dual ta’lim shaklida tahsil olayotgan xodimlar uchun ijtimoiy soliq stavkasi 2030-yil 1-yanvarga qadar bo‘lgan davrda ikki baravar kamaytirilib, amaldagi 12 foizdan 6 foizga tushirilishi milliy iqtisodiyot uchun zarur bo‘lgan malakali kadrlarni dual ta’lim orqali tayyorlashni rag‘batlantirishga xizmat qiladi.
Qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi va Senatga yuborildi.