O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
O'z Ўз Ру En
O‘zbekiston

O‘zbekistonda sud nazorati va raqamlashtirish kuchaytiriladi

Dilafro'z Niyazova · 15.08.2026 · 10:10 · 31 views
O‘zbekistonda sud nazorati va raqamlashtirish kuchaytiriladi
O‘zbekistonda sud nazorati va raqamlashtirish kuchaytiriladi / Foto: O'zbekiston Prezidenti Matbuot xizmati.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistonda sud tizimini isloh qilish, sud nazoratini kuchaytirish va odil sudlovni raqamlashtirishga qaratilgan «Odil sudlov — 2030» strategiyasi tasdiqlandi.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakatda xalqchil va adolatli sud tizimini barpo etishga qaratilgan «Odil sudlov — 2030» strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Bu haqda 2026 yil 14 avgustdagi Prezident farmonida maʼlum qilingan.

Hujjatga muvofiq, sud tizimini isloh qilish oltita ustuvor yo‘nalish bo‘yicha amalga oshiriladi. Bular sudlar faoliyatining ochiqligi va shaffofligini oshirishni nazarda tutuvchi «xalq sudi», sud tizimi mustaqilligini mustahkamlashga qaratilgan «adolat qalqoni», fuqarolarning buzilgan huquqlarini tiklash kafolatlarini kuchaytirishni nazarda tutuvchi «kafolatlangan adolat», yuqori kasbiy va maʼnaviy fazilatlarga ega sudyalar korpusini shakllantirishga qaratilgan «adolat posbonlari», sud ishlarini to‘liq raqamlashtirishni nazarda tutuvchi «raqamli odil sudlov» hamda inson huquqlari sohasida ilg‘or xalqaro standartlarni joriy etishga qaratilgan «xalqaro eʼtirof» yo‘nalishlaridir.

Farmon bilan strategiyaning o‘zi, uni 2026–2028 yillarda amalga oshirish bo‘yicha harakatlar dasturi va asosiy maqsadlar ro‘yxati tasdiqlandi.

2027 yil 1 iyuldan boshlab mamlakatda jami 319 shtat birligidagi boshqaruv xodimlaridan iborat bo‘lgan hududlararo sudlar tashkil etiladi. Ular umumiy yurisdiksiya sudlari va maʼmuriy sudlar tomonidan ko‘rilgan ishlarni qayta ko‘rib chiqish vakolatiga ega bo‘ladi.

Ularning 227 shtat birligi amaldagi sudlar shtat birliklari doirasida shakllantiriladi, 92 shtat birligi esa Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi G‘aznachilik xizmati qo‘mitasi hamda Byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasida qisqartiriladigan shtat birliklari hisobidan tashkil etiladi.

Oliy sudga 2026 yil yakuniga qadar hududlararo sudlarga ishlarni revizion tartibda qayta ko‘rib chiqish vakolatini berish, shuningdek, viloyat sudlari va ularga tenglashtirilgan instansiyalarning tegishli vakolatlarini bekor qilishni nazarda tutuvchi qonun loyihalarini kiritish topshirildi.

Shuningdek, 2027–2030 yillarda barcha hududlarda fuqarolik ishlari bo‘yicha tuman va shahar sudlarini tashkil etish taklifi maʼqullandi.

Farmon bilan sud nazoratini sudgacha bo‘lgan ish yuritish bosqichida kuchaytirish ham nazarda tutilgan. 2027 yil 1 iyuldan boshlab tergov sudyasi shaxsni ushlab turishning qonuniyligi va asosliligini, shuningdek, xalqaro «asosli shubha» (Prima Facie) standartiga muvofiq gumon qilish yoki ayblov qo‘yish uchun yetarli asoslar mavjudligini tekshirish vakolatiga ega bo‘ladi.

2027 yil 1 avgustdan Oliy sud o‘z Prezidiumining yagona sud amaliyotini shakllantiruvchi qarorlarini ochiq eʼlon qilib, muntazam ravishda yangilab boradi. Buning uchun “Pretsedentlar” reyestri joriy etiladi.

2030 yilga qadar sud binolarida «yagona darcha» tamoyili asosida xizmat ko‘rsatish ofislari bosqichma-bosqich tashkil etiladi.

2027 yil yakuniga qadar Oliy sudning interaktiv xizmatlar portali — my.sud.uz takomillashtiriladi. Jumladan, yangilangan mobil ilovani ishga tushirish va sud hujjatlarini qidirish imkoniyatlarini kengaytirish rejalashtirilgan.

2028 yil 1 yanvardan iqtisodiy sud ishlarini yuritishda «iqtisodiy ishlarini proaktiv boshqarish» (Proactive Case Management) standarti joriy etiladi. Unga ko‘ra, sudya ishni ko‘rib chiqish jarayonida ahamiyatsiz kamchiliklarni bartaraf etishi shart bo‘ladi.

Shu sanadan boshlab sud maʼmuriyati institutini joriy etish ham ko‘zda tutilgan. U sudyalar faoliyatini tashkiliy, moddiy-texnik hamda axborot-tahliliy jihatdan taʼminlashni o‘z zimmasiga oladi va sudyalarni odil sudlovni amalga oshirish bilan bog‘liq bo‘lmagan vazifalardan ozod qiladi.