Oʻzbekiston Senati qochqinlarga yordam koʻrsatish toʻgʻrisidagi shartnomani bekor qilishni maʼqulladi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Senatning 18-yalpi majlisida “1993-yil 24-sentabrdagi Qochoqlar va koʻchishga majbur boʻlgan shaxslarga yordam koʻrsatish toʻgʻrisidagi Bitimning amal qilishini tugatish haqidagi Bayonnomani tasdiqlash toʻgʻrisida”gi Qonun koʻrib chiqildi.
Mazkur Bitim sobiq Ittifoq parchalanishi ortidan yuzaga kelgan qurolli mojarolar, millatlararo nizolar hamda ommaviy migratsiya jarayonlari sharoitida qochoqlar va majburiy koʻchirilgan shaxslarga yordam koʻrsatish sohasida ishtirokchi davlatlar oʻrtasidagi hamkorlikni huquqiy jihatdan tartibga solish maqsadida qabul qilingan.
Bugungi kunda mazkur Bitim qabul qilinishiga asos boʻlgan ijtimoiy-siyosiy sharoitlar tubdan oʻzgargan. Shu bilan birga, Bitimda nazarda tutilgan qator institutlar va davlatlararo hamkorlik mexanizmlari, jumladan Davlatlararo jamgʻarma hamda boshqa amaliy mexanizmlar shakllantirilmagan va amalda qoʻllanilmagan. Shu sababli mazkur xalqaro hujjat oʻzining huquqiy va amaliy ahamiyatini yoʻqotgan.
Muhokama davomida Bitimning amal qilishini tugatish toʻgʻrisidagi Bayonnomaning tasdiqlanishi mamlakatimiz xalqaro shartnomaviy siyosatini zamonaviy huquqiy munosabatlar va milliy manfaatlar asosida izchil takomillashtirishga xizmat qilishi taʼkidlandi.
Senatorlarning fikricha, Qonunning qabul qilinishi amaliy ahamiyatini yoʻqotgan xalqaro shartnomani huquqiy muomaladan chiqarish, mamlakatimiz xalqaro shartnomaviy-huquqiy bazasini tizimlashtirish, uni zamonaviy xalqaro huquq normalari va milliy manfaatlarga muvofiqlashtirish, shuningdek huquqni qoʻllash amaliyotida huquqiy aniqlik va izchillikni taʼminlashga xizmat qiladi.
Muhokama yakunida senatorlar Qonunni maʼqulladi.