Oʻzbekiston Senati MDH maʼlumotlar almashinuvi toʻgʻrisidagi bitimni ratifikatsiya qildi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Senatning yalpi majlisida “Birlashgan Millatlar Tashkilotining mediatsiya natijasida erishilgan xalqaro kelishuv bitimlari toʻgʻrisidagi Konvensiyasiga (Nyu-York, 2018-yil 20-dekabr) Oʻzbekiston Respublikasining qoʻshilishi haqida”gi Qonun koʻrib chiqildi.
Mazkur Konvensiya xalqaro amaliyotda “Singapur konvensiyasi” nomi bilan tanilgan boʻlib, uning asosiy maqsadi — mediatsiya natijasida erishilgan xalqaro tijorat kelishuv bitimlarini tan olish va ijro etishning yagona xalqaro huquqiy mexanizmlarini belgilashdan iborat.
Konvensiya xalqaro tijorat nizolarini suddan tashqari, tezkor va samarali hal etish imkoniyatlarini kengaytiradi hamda mediatsiya natijasida tuzilgan kelishuvlarning boshqa davlatlarda ijro etilishi uchun ishonchli huquqiy asos yaratadi.
Senatorlar taʼkidlaganidek, Oʻzbekistonning mazkur Konvensiyaga qoʻshilishi xorijiy investorlar va tadbirkorlarning mamlakatimiz huquqiy tizimiga boʻlgan ishonchini oshirish, investitsiya muhitini yanada yaxshilash, eksport qiluvchi milliy korxonalar hamda tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari uchun xalqaro bozorlardagi huquqiy kafolatlarni kuchaytirishga xizmat qiladi.
Shuningdek, Konvensiya mediatsiya institutini rivojlantirish, sudlar yuklamasini kamaytirish, nizolarni hal etishda vaqt va xarajatlarni tejash hamda Oʻzbekistonning xalqaro huquqiy integratsiya jarayonlaridagi ishtirokini mustahkamlash imkonini beradi.
Konvensiyaga qoʻshilishda Oʻzbekistonning milliy manfaatlari inobatga olinib, uni qoʻllash doirasi boʻyicha qoʻshimcha shartlar nazarda tutilmoqda. Unga koʻra, Konvensiya davlat yoki davlat organlari ishtirok etadigan kelishuvlarga nisbatan tatbiq etilmaydi hamda faqat taraflarning oʻzaro kelishuvi asosida qoʻllaniladi.
Senatorlar Qonunni maʼqulladi.