Oʻzbekiston Senati nogironlarni qoʻllab-quvvatlash choralarini maʼqulladi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Senatning 18-yalpi majlisida “Aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini, shu jumladan nogironligi boʻlgan shaxslarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun muhokama qilindi.
Mamlakatimizda nogironligi boʻlgan shaxslarning huquqlarini taʼminlash, xalqaro standartlarni milliy qonunchilikka implementatsiya qilish hamda ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarni aniq yoʻnaltirilgan holda qoʻllab-quvvatlashning shaffof va raqamlashtirilgan tizimini joriy etish boʻyicha tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Qonun bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga nogironligi boʻlgan shaxslarning teng huquqliligini buzganlik uchun javobgarlik belgilanishini, ularga odil sudlovdan foydalanish uchun qulay imkoniyatlar yaratilishini va ushbu shaxslarning murojaati talab etilmagan holda soliq imtiyozlari berilishini, ularni ishga qabul qilgan yoki ularga ijtimoiy xizmatlar koʻrsatuvchi tadbirkorlik subyektlariga soliq imtiyozlari berilishini nazarda tutuvchi oʻzgartirishlar kiritilmoqda.
Shuningdek, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga nisbatan soliq imtiyozlari va davlat boji boʻyicha chegirmalar qoʻllanilishi, Ijtimoiy reestr joriy etilganligi sababli uning nomi oʻzaro muvofiqlashtirilishi, vakolatli davlat organi fuqarolik ishlari boʻyicha sudlarga kiritilgan ortiqcha (noqonuniy) toʻlangan nafaqalarning summalarini undirish bilan bogʻliq daʼvolar yuzasidan davlat bojini toʻlashdan ozod qilinishi belgilanmoqda.
Senatorlar Qonun ijtimoiy himoyaga muhtoj aholini aniq yoʻnaltirilgan holda qoʻllab-quvvatlash choralarini takomillashtirishga hamda nogironligi boʻlgan shaxslarning salohiyatini roʻyobga chiqarish uchun teng va qulay shart-sharoitlar yaratish orqali ularning turmush darajasini yanada yaxshilashga xizmat qilishini taʼkidladi.
Muhokama yakunida senatorlar Qonunni maʼqulladi.