Oʻzbekistonda kommunal xizmat koʻrsatuvchi xodimlar uchun unvon joriy etilmoqda
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Senatning yalpi majlisida “Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan kommunal xoʻjaligi xodimi” faxriy unvonini taʼsis etish toʻgʻrisida”gi Qonun muhokama qilindi.
Soʻnggi yillarda mamlakatimizda kommunal xoʻjaligi sohasini tubdan isloh qilish, aholiga koʻrsatilayotgan kommunal xizmatlar sifatini oshirish, muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini modernizatsiya qilish hamda koʻp kvartirali uy-joy fondini boshqarish tizimini takomillashtirish boʻyicha keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, kommunal xoʻjaligi sohasi mustaqil tarmoq sifatida jadal rivojlanayotganiga qaramay, ushbu sohada koʻp yillik samarali mehnat qilib kelayotgan xodimlarni davlat darajasida ragʻbatlantirish tizimini zamon talablariga muvofiq takomillashtirish zarurati yuzaga kelgani qayd etildi.
Qonun bilan amaldagi Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasida kommunal, maishiy va savdo sohasida xizmat koʻrsatgan xodim” faxriy unvoni oʻrniga “Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan kommunal xoʻjaligi xodimi” faxriy unvon taʼsis etilmoqda.
Qonunga muvofiq mazkur faxriy unvon kommunal xoʻjaligi sohasini rivojlantirishga munosib hissa qoʻshgan, koʻp yillik samarali mehnati, yuksak kasbiy mahorati, tashabbuskorligi va fidokorligi bilan aholiga koʻrsatilayotgan kommunal xizmatlar sifatini oshirishga alohida hissa qoʻshgan xodimlarga beriladi.
Shuningdek, Qonun bilan yangi faxriy unvon koʻkrak nishonining tavsifi ham tasdiqlanmoqda. Unda kommunal xoʻjaligi sohasining oʻziga xos xususiyatlarini ifodalovchi ramzlar aks ettirilgan boʻlib, bu davlat mukofotining mazmun-mohiyatini yanada boyitishga xizmat qiladi.
Senatorlarning taʼkidlaganidek, mazkur Qonunning qabul qilinishi kommunal xoʻjaligi sohasida mehnat qilayotgan xodimlarning fidokorona mehnatini munosib qadrlash hamda ularning kasbiy nufuzini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Senatorlar Qonunni maʼqulladi.