Qonun bilan aholi va tadbirkorlarga qulayliklar yaratilmoqda
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Senatning 18-yalpi majlisida “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun muhokama qilindi.
“Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari toʻgʻrisida”gi Qonunda “Biznesga litsenziyasiz kirish” maxsus rejimi yangi huquqiy institut sifatida mustahkamlanmoqda. Ushbu institutni qonunchilikka kiritish orqali kelgusida ayrim faoliyat turlari bilan uch oygacha litsenziya yoki ruxsatnomasiz shugʻullanish imkoniyati yaratiladi.
Buning natijasida tadbirkorlik subyektlari litsenziya yoki ruxsatnoma olmasdan turib, elektron tarzda vakolatli organni xabardor qilish orqali oʻz faoliyatini boshlash imkon
iyatiga ega boʻladi. Bunda ularga litsenziya yoki ruxsatnoma talablariga moslashish uchun qoʻshimcha vaqt va oʻz faoliyatini sinov tarzida boshlab, uning iqtisodiy samaradorligini baholash imkoniyati beriladi. Ushbu oʻzgarish tadbirkorlik faoliyatini boshlashni yengillashtiradi, vaqt va xarajatlarni tejaydi hamda yangi biznes tashabbuslarini ragʻbatlantirishga xizmat qiladi.
Shuningdek, Qonun bilan Oila kodeksining 69-moddasiga otaning ismini bolaga familiya sifatida berish boʻyicha oʻzgartirish kiritilmoqda.
Amalda bolaning familiyasi ota-onaning familiyasiga qarab belgilanadi. Ota yoki ona tomonidan milliy anʼanalarga koʻra boboning ismi ham familiya qilib berilishi mumkin.
Senatorlar otaning ismini bolaga familiya sifatida berilishining qonunchilikda belgilanishi fuqarolarga qoʻshimcha qulayliklar yaratib, milliy va diniy anʼanalarga muvofiq ularning xohish-istaklarini roʻyobga chiqarishga xizmat qilishini taʼkidladi.
Bundan tashqari, Qonun bilan “Arxiv ishi toʻgʻrisida”gi Qonunga arxiv ishi sohasidagi vakolatli davlat organlarining vakolatlarini aniqlashtiruvchi, nodavlat arxivlarini va elektron arxivlarni tashkil etishga doir qoidalarni hamda arxiv hujjatlarini idoraviy arxivlarda vaqtincha saqlash muddatlarini belgilovchi oʻzgartirishlar kiritilmoqda.
Qizgʻin muhokama yakunida Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.