O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
O‘zbekiston

Oʻzbekiston Senati statistika tizimiga kiritilgan oʻzgartirishlarni maʼqulladi

UzDaily tahririyati · 09.08.2026 · 16:03 · 27 views
Oʻzbekiston Senati statistika tizimiga kiritilgan oʻzgartirishlarni maʼqulladi
Oʻzbekiston Senati statistika tizimiga kiritilgan oʻzgartirishlarni maʼqulladi / Foto: Oliy Majlis Senati Matbuot xizmati.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Senatning yalpi majlisida statistika organlarining faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun muhokama qilindi.

Keyingi yillarda respublikamizda milliy va xorijiy foydalanuvchilar uchun rasmiy statistika maʼlumotlarining ochiqligi va shaffofligini eng yuqori darajada taʼminlash, shuningdek iqtisodiyot sohalarining rivojlanish koʻrsatkichlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish boʻyicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Milliy statistika qoʻmitasining tashkil etilishi rasmiy statistika sohasidagi davlat siyosatini amalga oshirish, rasmiy statistikani rivojlantirish masalalari boʻyicha faoliyatni milliy statistika tizimi doirasida muvofiqlashtirish jarayonida statistika organlarining mustaqilligi va vakolatlarini kengaytirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Shu bilan birga rasmiy statistika sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarning huquqiy asoslarini mustahkamlash maqsadida ushbu sohaga oid qonun hujjatlarining normalarini oʻzaro muvofiqlashtirish zaruriyati yuzaga kelmoqda.

Mazkur Qonun bilan statistika kengashining vakolatlari kengayib, statistika ishlarini tashkil etish tizimini yaratishga koʻmaklashish hamda rasmiy statistikani tayyorlovchilarning sohaga oid faoliyatini muvofiqlashtirish vakolati berilmoqda.

Bundan tashqari, rasmiy statistikani tayyorlovchilarning statistika maʼlumotlariga yoki statistika maʼlumotlarini tayyorlash faoliyatiga taʼsir koʻrsatishi mumkin boʻlgan normativ-huquqiy hujjat loyihalari vakolatli davlat organi bilan kelishilishi shartligi berilmoqda.

Shuningdek, eʼlon qilingan rasmiy statistikada tafovutlar aniqlanganda uni tuzatilishi va tuzatilgan maʼlumotlar jamoatchilikka eʼlon qilinishi ham Qonun bilan belgilab qoʻyilmoqda.

Senatorlar taʼkidlaganidek, mazkur Qonun statistika sohasidagi maʼmuriy islohotlarni samarali amalga oshirish doirasida statistika organlarining faoliyatini takomillashtirishga hamda rasmiy statistikadan foydalanuvchilar uchun yanada qulay shart-sharoitlar yaratishga xizmat qiladi.

Muhokama yakunida senatorlar Qonunni maʼqulladi.