O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
O‘zbekiston

O'zbekistonda ulushli qurilish uchun yangi qoidalar taklif qilindi

UzDaily tahririyati · 28.07.2026 · 16:55 · 106 views
O'zbekistonda ulushli qurilish uchun yangi qoidalar taklif qilindi
O'zbekistonda ulushli qurilish uchun yangi qoidalar taklif qilindi / Surat: O'zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi matbuot xizmati

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Majlisda “Ko‘p kvartirali uylarni va boshqa ko‘chmas mulk obyektlarini ulush kiritish asosida qurish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.

Keyingi yillarda mamlakatimizda bunyodkorlik ko‘lami kengaydi. Ko‘p qavatli uylar qurilib, aholining eng muhim talabi qondirilmoqda. Ayniqsa, mazkur jarayonda qurilish sifati va xavfsizligini ta’minlash, sohaga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va raqamlashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Shu bilan birga, ayrim qurilish obyektlari belgilangan muddatlarda foydalanishga topshirilmayotgani, ko‘p kvartirali uylarni va boshqa ko‘chmas mulk obyektlarini ulush kiritish asosida qurish sohasidagi munosabatlar alohida qonun bilan tartibga solinmagani sababli ba’zan fuqarolar uy-joy sotib olish jarayonida muammolarga duch kelmoqda.

Qonun loyihasi bilan ko‘p kvartirali uylar va boshqa ko‘chmas mulk obyektlarini ulush kiritish asosida qurish sohasidagi munosabatlar tartibga solinmoqda. Unda ulushli qurilish munosabatlari ishtirokchilarining, davlat organlarining huquq va majburiyatlari, vakolatlari, o‘zaro munosabatlariga oid qoidalar aniq belgilanmoqda.

Xususan, ko‘p kvartirali uylar va boshqa ko‘chmas mulk obyektlarining ulush kiritish asosida qurilishiga jismoniy va yuridik shaxslarning pul mablag‘larini jalb qilishga oid muhim qoidalar nazarda tutilmoqda.

Fuqarolarning ulushli qurilishga kiritgan mablag‘larini kafolatli himoya qilinishi mexanizmlari belgilanmoqda. Jumladan, fuqarolarning pul mablag‘lari to‘g‘ridan to‘g‘ri quruvchi ixtiyorida emas, balki banklarda ochiladigan eskrou hisobvarag‘i orqali saqlanadi. Qurilish belgilangan talablar asosida amalga oshirilib, obyekt foydalanishga topshirilganidan keyin mablag‘lar quruvchiga o‘tkaziladi.

Shuningdek, quruvchi (developer) faqat qonunda belgilangan talablarga javob bergan, Yagona axborot tizimida ro‘yxatdan o‘tgan, vakolatli bank bilan bosh bitim tuzgan va loyiha deklaratsiyasini e’lon qilgan taqdirdagina aholi mablag‘larini jalb qilish huquqiga ega bo‘lishi taklif etilmoqda.

Bundan tashqari, ulushli ishtirok etish shartnomasi notarial tasdiqlanadi hamda belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladi. Bu bir obyektning takroran sotilishi, noqonuniy shartnomalar tuzilishi kabi holatlarning oldini oladi.
Quruvchi qonun talablariga zid ravishda fuqarolar mablag‘larini jalb qilgan taqdirda, ulushdor ushbu mablag‘larni qaytarishni va ulardan foydalanilganlik uchun foiz to‘lanishini talab qilish huquqiga ega bo‘ladi. Agar talab belgilangan muddatda bajarilmasa, fuqaro sudga murojaat qilishi mumkinligi belgilanmoqda.

Shuningdek, qonun loyihasida qurilish loyihalarini o‘z vaqtida yakuniga yetkazishga qaratilgan ta’sirchan mexanizmlar nazarda tutilmoqda. Jumladan, zarur hollarda vakolatli bankni yoki quruvchini almashtirish, qurilishning uzluksiz moliyalashtirilishini ta’minlashga qaratilgan moliyaviy mexanizmlar yaratilmoqda. Bu esa qurilishning to‘xtab qolishini oldini olish va ulushdorlar manfaatlarini ishonchli himoya qilishga xizmat qiladi.

Loyihaga ko‘ra, ulushli qurilishga oid ma’lumotlarning Yagona axborot tizimida joylashtirilishi ta’minlanadi. Bu fuqarolarga quruvchi, qurilish obyekti va loyihaning amalga oshirilishi haqidagi muhim ma’lumotlar bilan ochiq tanishish imkonini ta’minlaydi.

Shu bilan birga preventiv choralarni kuchaytirish maqsadida ko‘p kvartirali uylar va boshqa ko‘chmas mulk obyektini ulushli ishtirok etish asosida qurishda ishtirok etish to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish uchun javobgarlik choralari ko‘zda tutilmoqda.

Belgilangan normalar fuqarolarning uy-joy qurilishiga kiritgan mablag‘larini ishonchli huquqiy va moliyaviy mexanizmlar orqali himoya qilishga xizmat qiladi.

Muhokamalar davomida deputatlar qonun loyihasidagi ayrim normalar yuzasidan aniqlashtiruvchi savollar berishdi. Loyihani yanada takomillashtirish va mukammal tarzda maromiga yetkazish bo‘yicha fikr-mulohazalar bildirildi.

Muhokamalardan so‘ng qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilindi.