Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Oliy Majlis Senati Raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev 16 sentyabr kuni Daniya Tashqi ishlar vazirligining Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Lars Tuyesen bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda Oliy Majlis Senati matbuot xizmati xabar berdi.
Tomonlar O‘zbekiston va Daniya o‘rtasida parlamentlararo hamkorlikni rivojlantirish istiqbollarini muhokama qildi. Uchrashuv yakunlari bo‘yicha Oliy Majlis Senati va Daniya Folketingi o‘rtasidagi aloqalarni faollashtirish, shuningdek, muntazam o‘zaro tashriflar va almashinuvlarni davom ettirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Siyosiy, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikning holati hamda istiqbollariga alohida eʼtibor qaratildi. Uchrashuv ishtirokchilari o‘zaro savdo hajmini oshirish va Daniya kompaniyalarini O‘zbekistondagi loyihalarni amalga oshirishga jalb etish muhimligini taʼkidladi.
Istiqbolli yo‘nalishlar qatorida energetika, kommunal infratuzilma, suv xo‘jaligi, qishloq xo‘jaligi va kasbiy taʼlim qayd etildi. Tomonlar ushbu sohalarda qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish imkoniyatlarini ham ko‘rib chiqdi.
Bundan tashqari, Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash, iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatish va yoshlar uchun imkoniyatlarni kengaytirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.