Turizm

Shayxontohurda Abdulla Qodiriy ko‘chasida gastronomik hudud barpo etiladi

Shayxontohurda Abdulla Qodiriy ko‘chasida gastronomik hudud barpo etiladi
Shayxontohurda Abdulla Qodiriy ko‘chasida gastronomik hudud barpo etiladi / Foto: UzDaily.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Toshkent shahrining Shayxontohur tumanida Abdulla Qodiriy ko‘chasi bo‘ylab gastronomik zonalar tashkil etiladi. Loyiha davlat-xususiy sheriklik modeli asosida amalga oshiriladi. Bu haqda Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzakovning 15 sentyabrdagi qarorida so‘z boradi. Hujjat E-qaror platformasida eʼlon qilingan.

« Tashkent Invest » shahar kompaniyasi loyihaning davlat hamkori sifatida ishlaydi. Unga loyiha hududidagi yer uchastkalarini xususiy investorlarga 10 yilgacha bo‘lgan muddatga berishga ruxsat etildi.

Loyihada ishtirok etish uchun umumiy maydoni 0,5 gektar bo‘lgan sakkizta lot shakllantirildi. Ular Jangox massividagi 9 va 10-uylar, shuningdek, S-13 (Labzak) massividagi 9 va 35-uylar yaqinida joylashgan. Eng katta yer uchastkasining maydoni 1473 kv. metrni, eng kichiginiki esa 61 kv. metrdan biroz kamroqni tashkil etadi.

Tashkent Invest yer uchastkalarini 10 kun ichida, yaʼni 25 sentyabrga qadar E-auksion orqali onlayn savdoga chiqarishi kerak.

Boshlang‘ich narx mazkur hudud uchun belgilangan yer solig‘i stavkasi darajasida — 321,5 mln so‘m etib belgilandi.

Xususiy sherik davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi bitim tuzilgan sanada Markaziy bankning valyuta kursi bo‘yicha so‘m ekvivalentida loyihaga 1 mln AQSH dollarigacha mablag‘ kiritishi kerak. Bunda investitsiyalar hajmi 11 mlrd so‘mdan kam bo‘lmasligi lozim. Ushbu shartni bajarish uchun hujjat ro‘yxatdan o‘tkazilgan paytdan boshlab uch oy muddat beriladi.

Ajratilgan hududda investor zamonaviy oshxonalar va yengil, kapital bo‘lmagan konstruksiyalardan tashkil topgan savdo nuqtalari, avtomobil to‘xtash joylari hamda kamida bitta jamoat hojatxonasini joylashtirishi mumkin. Obyektlar tashkil etilganidan keyin olti oy ichida kamida 20 kishini, jumladan, ijtimoiy “daftarlar”ga kiritilgan to‘rt nafar fuqaroni ish bilan taʼminlash lozim.

Obyektlarni joylashtirish sxemasi Toshkent shahar hokimligi bilan kelishilishi kerak. Obodonlashtirish va qurilish ishlarini arxitektura, sanitariya va ekologik meʼyorlar, yo‘l harakati qoidalari hamda yong‘in xavfsizligi talablariga rioya qilgan holda amalga oshirishga ruxsat beriladi.

Gastronomik ko‘cha hududida videokuzatuv tizimini o‘rnatish, bepul Wi-Fi zonasini tashkil etish, shuningdek, dekorativ yoritish chiroqlari va o‘rindiqlar o‘rnatish ham talab etiladi.

Gastronomik ko‘chadan shahar maʼmuriyati bilan kelishilgan holda festivallar va mavsumiy tadbirlar o‘tkazish uchun foydalanish mumkin.

Shu bilan birga, davlat bayramlari va boshqa tadbirlar vaqtida hokimiyat hududni vaqtincha bo‘shatishni talab qilish huquqiga ega.

Davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi bitim shartlariga ko‘ra, Tashkent Invest loyihadan olinadigan sof foydaning 10 foizini oladi. Xususiy sherik ushbu ulushni hisobot yilidan keyingi yilning 30 apreliga qadar har yili o‘tkazib berishi kerak.

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.