Ustyurtda birinchi qidiruv qudug'ini burg'ilash ishlari boshlandi
Ustyurtda birinchi qidiruv qudug'ini burg'ilash ishlari boshlandi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — “O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruv raisi Abdug‘ani Sanginov Xitoy Xalq Respublikasining “XIBU” kompaniyasi rahbariyati bilan navbatdagi ishchi uchrashuvni o‘tkazdi.
Muzokaralarda Ustyurt hududida amalga oshirilayotgan 30 ta chuqur izlov-qidiruv qudug‘ini burg‘ilash loyihasining amaliy bosqichi muhokama qilinib, belgilangan vazifalar ijrosini yanada jadallashtirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Uchrashuvda loyiha doirasida jalb etilayotgan 9 ta zamonaviy burg‘ilash uskunasini mobilizatsiya qilish ishlarini tezlashtirish, ertadan boshlab "Qiziljar" konidagi quduqda burg‘ilash ishlarini boshlash, shuningdek, 15 avgustga qadar rejalashtirilgan barcha quduqlarda burg‘ilash ishlarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha aniq vazifalar belgilandi.
Boshqaruv raisi tomonidan "XIBU" kompaniyasiga quduqlarni qurilish muddatini 50 kunga qisqartirish, buning uchun barcha zarur resurs va imkoniyatlarni safarbar etish yuzasidan vazifalar belgilab berildi.
Shuningdek, muzokaralarda Ustyurt hududida qo‘shimcha izlov-qidiruv qudug‘larini burg‘ilash imkoniyatlari ham atroflicha muhokama qilinib, mazkur loyihani amalga oshirishning texnik va tashkiliy jihatlari yuzasidan fikr almashildi.
Mazkur hamkorlik xalqaro EPC/servis shartnomasi asosida amalga oshirilmoqda. Ya’ni, xorijiy hamkor tomonidan faqatgina zamonaviy texnologiyalar va yuqori malakali mutaxassislar jalb qilingan holda burg‘ilash xizmatlari bajariladi. Yer qa’ridan foydalanish huquqi, quduqlar hamda ochiladigan zaxiralar to‘liq “O‘zbekneftgaz” AJ tasarrufida qoladi.
Bu hamkorlikning asosiy maqsadi — zamonaviy texnologiyalarni jalb qilish orqali geologiya-qidiruv ishlari samaradorligini oshirish va yangi uglevodorod zaxiralarini tezroq aniqlashdan iborat.
Uchrashuv yakunida tomonlar belgilangan vazifalarning o‘z vaqtida bajarilishi Ustyurt hududidagi strategik geologiya-qidiruv dasturini jadal amalga oshirish, mamlakatning uglevodorod resurs bazasini mustahkamlash hamda o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirishga xizmat qilishini ta’kidladilar.