O‘zbekistonda “yashil” energiya ishlab chiqarish 22,9%ga oshdi
O‘zbekistonda “yashil” energiya ishlab chiqarish 22,9%ga oshdi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — 2026 yil iyun oyida O‘zbekistonning yirik quyosh va shamol elektr stansiyalari 1 milliard 293,7 million kVt·soat elektr energiyasi ishlab chiqardi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 22,9 foizga ko‘p. Bu haqda Energetika vazirligi maʼlum qildi.
Soha maʼlumotlariga ko‘ra, quyosh elektr stansiyalari 1 milliard 48 million kVt·soat, shamol elektr stansiyalari esa 245,7 million kVt·soat elektr energiyasi ishlab chiqargan.
Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmining oshishi 344 million kub metr tabiiy gazni tejash hamda atmosferaga 743 ming tonna zararli moddalar chiqarilishining oldini olish imkonini berdi.
Taqqoslash uchun, 2025 yil iyun oyida quyosh va shamol elektr stansiyalarida ishlab chiqarilgan elektr energiyasining umumiy hajmi 1 milliard 52 million kVt·soatni tashkil etgan.
Taʼkidlanishicha, iyun oyida ishlab chiqarilgan elektr energiyasi hajmi taxminan 6,5 million xonadonning bir oylik yoki 541 ming xonadonning bir yillik elektr energiyasi isteʼmoliga teng.