O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
O‘zbekiston

Qoraqalpog‘istonda issiq tufayli bog‘chalar vaqtincha yopiladi

UzDaily tahririyati · 13.07.2026 · 18:30 · 32 views
Qoraqalpog‘istonda issiq tufayli bog‘chalar vaqtincha yopiladi

Qoraqalpog‘istonda issiq tufayli bog‘chalar vaqtincha yopiladi

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Qoraqalpog‘istonning bir qator shahar va tumanlarida havo haroratining keskin ko‘tarilishi kutilayotgani munosabati bilan davlat va xususiy bolalar bog‘chalari faoliyati vaqtincha to‘xtatiladi. Bu haqda Qoraqalpog‘iston Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi xabar qildi.

Vazirlikda tushuntirilishicha, mazkur qaror bolalar salomatligini anomal issiq taʼsiridan himoya qilish va ularning xavfsizligini taʼminlash maqsadida qabul qilingan. Maktabgacha taʼlim muassasalari faoliyatini vaqtincha to‘xtatish Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasining hududiy bo‘linmalari xulosalari hamda tavsiyalari asosida amalga oshirilmoqda.

Hokimlar qarorlariga muvofiq, Nukus shahri va Xo‘jayli tumanida bolalar bog‘chalari 13 iyuldan 18 iyulgacha ishlamaydi. Amudaryo tumanida ularning faoliyati 13 iyuldan 15 iyulgacha to‘xtatiladi. Beruniy, Taxtako‘pir, Shumanay, Mo‘ynoq, Qanliko‘l va To‘rtko‘l tumanlarida esa maktabgacha taʼlim muassasalari 13 iyuldan 17 iyulgacha yopiladi.

Vazirlik ota-onalarni bolalar salomatligiga alohida eʼtibor qaratishga, kunning eng issiq vaqtlarida ularning uzoq vaqt tashqarida bo‘lishlariga yo‘l qo‘ymaslikka hamda zarur ehtiyot choralariga rioya qilishga chaqirdi.

Avvalroq O‘zgidromet 13–17 iyul kunlari O‘zbekiston hududiga juda issiq havo massalari kirib kelishini maʼlum qilgan edi. Sinoptiklar prognoziga ko‘ra, ayrim joylarda havo harorati +44…+46 darajagacha ko‘tarilishi, shuningdek, ayrim hududlarda chang to‘zonlari kuzatilishi mumkin.