Belarus va O‘zbekiston ekspertlari ikki tomonlama hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlarini belgilab oldi
Belarus va O‘zbekiston ekspertlari ikki tomonlama hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlarini belgilab oldi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 29-iyun kuni Minsk shahrida «Belarus va O‘zbekiston: hamkorlikning yangi yo‘nalishlari» mavzusida xalqaro davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Tadbir Belarus Strategik tadqiqotlar instituti (BSTI) hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (SMTI) hamkorligida tashkil etildi.
Tadbirda O‘zbekiston va Belarus diplomatik vakolatxonalari rahbarlari, vazirlik va idoralar, davlat korxonalari vakillari, shuningdek ekspertlar hamjamiyati vakillari ishtirok etdi.
Belarus tomonidan tadbirda iqtisodiyot vaziri, «Belarus Respublikasi Milliy eksportni qo‘llab-quvvatlash markazi», «Beltamojservis» davlat korxonasi, «Xalqaro biznes alyansi» kompaniyasi, «Transtexnika» Milliy transport ilmiy-tadqiqot instituti hamda «IBA IT Park» xorijiy korxonasi rahbariyati va mutaxassislari ishtirok etdi.
O‘zbekiston delegatsiyasi tarkibidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (SMTI), O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti, O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Transport va logistikani rivojlantirish muammolarini o‘rganish markazi hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik rivojlanish va islohotlar agentligi rahbariyati va xodimlari o‘rin oldi.
Muzokaralar chog‘ida tomonlar O‘zbekiston–Belarus hamkorligining bugungi holati va uni yanada rivojlantirish istiqbollarini muhokama qildilar. O‘zaro savdo, sanoat va agrosanoat kooperatsiyasi, transport-logistika aloqalarini rivojlantirish, shuningdek, yangi texnologiyalarni joriy etish asosiy mavzular qatoridan o‘rin oldi. Ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirishning amaliy mexanizmlarini ishlab chiqish hamda o‘zaro manfaatli qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Davra suhbatini ochar ekan, Belarus Strategik tadqiqotlar instituti direktori Oleg Makarov keyingi yillarda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarni yuksak baholadi. Uning ta’kidlashicha, mamlakat tashqi siyosiy faoliyatini sezilarli darajada faollashtirib, yuqori va oliy darajadagi ko‘plab xalqaro tadbirlarga mezbonlik qilmoqda hamda mintaqadagi nufuzini yanada mustahkamlamoqda.
Uning fikricha, Belarus va O‘zbekiston o‘zaro ishonch, ochiqlik va hurmat tamoyillariga asoslangan munosabatlarni shakllantirishga erishgan. “Bugungi kunda Belarus va O‘zbekiston o‘rtasida deyarli hech qanday to‘siqlar mavjud emas”, — dedi u.
Belarus Respublikasining O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Aleksandr Ogorodnikov Belarus–O‘zbekiston munosabatlari barqaror va izchil rivojlanib borayotganini ta’kidladi. Diplomat qayd etganidek, ikki davlat o‘rtasida amalda strategik sheriklik shakllangan bo‘lib, u yangi loyiha va tashabbuslar bilan izchil boyitib borilmoqda.
Diplomat savdo-iqtisodiy hamkorlik izchil ijobiy sur’atlarda rivojlanayotganini qayd etdi. U joriy yil yakunlariga ko‘ra Belarus va O‘zbekiston o‘rtasidagi o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi nafaqat 1 milliard AQSH dollariga yetishi, balki ushbu ko‘rsatkichdan oshishiga ishonch bildirdi. “Navbatdagi strategik vazifa o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini 2 milliard AQSH dollariga yetkazishdan iborat. Mazkur maqsad yuksak marrani nazarda tutishiga qaramay, tomonlar o‘sishning yangi nuqtalari va hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlarini izchil izlash niyatida”, — dedi u.
Hamkorlik istiqbollari haqida so‘z yuritar ekan, Aleksandr Ogorodnikov sanoat va agrosanoat kooperatsiyasini ustuvor yo‘nalishlar sifatida qayd etdi. Uning baholashicha, Belarus ishlab chiqarish quvvatlarini O‘zbekistonda mahalliylashtirish katta imkoniyatlarni ochib beradi. Respublikaning ishlab chiqarish salohiyatidan samarali foydalanish hamda sanoat kooperatsiyasini kengaytirish uchinchi davlatlar bozorlariga birgalikda chiqish uchun mustahkam zamin yaratadi.
Elchi transport-logistika salohiyatiga alohida to‘xtalib, Belarus va O‘zbekistonning dengizga to‘g‘ridan to‘g‘ri chiqish imkoniyati mavjud emasligi ikki davlatni samarali transport yo‘laklaridan foydalanishga manfaatdor etayotganini ta’kidladi. Diplomatning fikricha, global transport yo‘nalishlari transformatsiyalanayotgan sharoitda zamonaviy logistika infratuzilmasi iqtisodiy sheriklikni yanada rivojlantirishning muhim omillaridan biriga aylanishi mumkin.
O‘z navbatida, Belarus iqtisodiyot vaziri Yuriy Chebotar ikki tomonlama hamkorlik izchil va jadal rivojlanayotganini yuksak baholab, so‘nggi 10 yil davomida o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 13 baravardan, xizmatlar savdosi hajmi esa 30 baravardan ortiq oshganini ta’kidladi. “Bugungi kunda O‘zbekiston Belarus bilan tovarlar va xizmatlar bo‘yicha o‘zaro savdo hajmi jihatidan uchinchi, MDH davlatlari orasida Belarus investitsiyalarining jamg‘arilgan hajmi bo‘yicha esa ikkinchi o‘rinni egallaydi”, — dedi u.
Vazir ustuvor yo‘nalishlar qatorida sanoat kooperatsiyasini alohida qayd etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Belarus texnologiyalar transferini ta’minlash hamda zamonaviy ish o‘rinlarini yaratishni nazarda tutuvchi qo‘shma loyihalarga investitsiya kiritishga tayyor.
Bundan tashqari, Yuriy Chebotar texnologiyalar, ishlab chiqarishni avtomatlashtirish, turizm va xizmatlar sohalaridagi hamkorlikni rivojlantirishdan Belarus manfaatdor ekanini ta’kidladi.
Tadbir yakunida tomonlar hamkorlikni yanada chuqurlashtirishdan o‘zaro manfaatdor ekanliklarini bildirdilar hamda O‘zbekiston va Belarus o‘rtasidagi munosabatlarni yanada mustahkamlashga xizmat qiladigan amaliy tavsiyalarni ishlab chiqishning samarali mexanizmi sifatida muntazam ekspertlar muloqotini davom ettirish muhimligini ta’kidladilar.