O‘zbekistonda mahallalar uchun raqamli platformalar taqdim etildi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Mahallalar uyushmasida mahallalar darajida aholi bilan ishlash samaradorligini oshirish va zamonaviy texnologiyalarni joriy etishga qaratilgan «Raqamli mahalla», «Aqlli mahalla» va «Mahalla AI» raqamli platformalari taqdim etildi.
«Raqamli mahalla» platformasi xonadonlar va fuqarolarning ijtimoiy holatini tahlil qilish, ehtiyojmand oilalarni aniqlash, ishsizlar bilan manzilli ish olib borish hamda aholi murojaatlarining ijrosini nazorat qilish imkonini beradi.
«Mahalla AI» O‘zbekistondagi 8 992 ta mahalla haqidagi maʼlumotlarni yagona raqamli muhitda birlashtiradi. Foydalanuvchilar oddiy o‘zbek tilida savollar berib, zarur maʼlumotlarni tezkor ravishda olishlari mumkin.
Taqdimotda keltirilgan maʼlumotlarga ko‘ra, ayni paytda platformada 7 786 nafar mahalla raisi ro‘yxatdan o‘tgan. Foydalanuvchilar uchun 12 xil rol ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, ishtirokchilarga «Urganch — aqlli shahar» tizimining ish natijalari namoyish etildi. Hozirgi vaqtda unga 300 dan ortiq servis integratsiya qilingan.
Taqdim etilgan yechimlar nafaqat mahalla xodimlarining ishini soddalashtirishga qaratilgan. Ulardan foydalanish aholi muammolarini erta aniqlash, maʼlumotlarni tahlil qilish va manzilli yechimlarni izlash imkoniyatlarini kengaytirishi kerak.