Samarqandda prokuror o‘rinbosari pora bilan ushlandi
Samarqandda prokuror o‘rinbosari pora bilan ushlandi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Samarqand viloyatida Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari prokuratura organlari bilan hamkorlikda Urgut tumani prokurori o‘rinbosarini pora olish va mansab vakolatini suiisteʼmol qilishda gumon qilib qo‘lga oldi.
Tergov maʼlumotlariga ko‘ra, gumonlanuvchi avval Pastdarg‘om tumani prokuraturasida ishlagan vaqtida vositachilar orqali 6,5 ming AQSH dollari va 35 million so‘m miqdorida pora olgan.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar talqiniga ko‘ra, ushbu mablag‘ mahalliy korxonalardan biri tomonidan tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish natijasida davlatga yetkazilgan zarar miqdorini 2,9 milliard so‘mdan 805,9 million so‘mgacha kamaytirish evaziga berilgan.
Tergov, shuningdek, mazkur korxona mansabdor shaxslariga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishini tergov qilish doirasida gumonlanuvchi kompaniya egasidan yana 15 ming AQSH dollari talab qilganini taʼkidlamoqda.
Buning evaziga u zarar miqdorini 150–200 million so‘mgacha kamaytirishga, shuningdek, sud organlaridagi aloqalari orqali ish figurantlariga nisbatan yengilroq jazo tayinlanishiga ko‘maklashishni vaʼda qilgan.
Mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Gumonlanuvchiga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanildi. Tergov harakatlari davom etmoqda.