O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
Iqtisod

O‘zbekistonda qimmatli qog‘ozlar bozori uchun JFODL/TM qoidalari yangilandi

UzDaily tahririyati · 02.07.2026 · 16:20 · 34 views
O‘zbekistonda qimmatli qog‘ozlar bozori uchun JFODL/TM qoidalari yangilandi

O‘zbekistonda qimmatli qog‘ozlar bozori uchun JFODL/TM qoidalari yangilandi

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Istiqbolli loyihalar milliy agentligi Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti bilan hamkorlikda qimmatli qog‘ozlar bozorining professional ishtirokchilari uchun jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirg‘in qurollarini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha ichki nazorat qoidalarining yangi tahririni tasdiqladi.

Hujjat 2026 yil 30 iyun kuni 3877-son bilan davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi va pul yuvish hamda terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish milliy tizimini takomillashtirish doirasida ishlab chiqildi. Taʼkidlanishicha, o‘zgarishlar FATF tavsiyalarida nazarda tutilgan xalqaro standartlarni joriy etish, shuningdek, milliy JFODL/TM tizimida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etishga qaratilgan.

Qoidalarning yangi tahriri xatarlarni baholash mexanizmlarini takomillashtirish, ichki nazorat va mijozlarni lozim darajada tekshirish tartib-taomillari samaradorligini oshirish, shuningdek, qimmatli qog‘ozlar bozorining professional ishtirokchilari hamda vakolatli davlat organlari o‘rtasidagi monitoring va axborot almashinuvining ayrim jarayonlarini raqamlashtirishni nazarda tutadi.

Hujjatda qo‘llaniladigan atamalar ro‘yxatiga aniqlik kiritilib, u kengaytirildi. Xususan, «uchinchi tomon», «aniqlik darajasi», «yuridik shaxs tashkil etmasdan tuzilgan xorijiy tuzilma» kabi tushunchalar hamda boshqa qator atamalar kiritildi.

Shuningdek, ichki nazorat qoidalarini ishlab chiqishda xatarlarga asoslangan yondashuv va guruh modeli qo‘llanilishi bo‘yicha qo‘shimcha talablar belgilandi. Bozor ishtirokchilarining axborot tizimlariga qo‘yiladigan talablar ham batafsil yoritildi. Jumladan, ko‘rsatilayotgan xizmatlar va amalga oshirilayotgan operatsiyalarning xatar darajasi, shuningdek, ishtirokchilarning ayrim identifikatsion maʼlumotlarini hisobga olgan holda avtomatlashtirilgan tekshiruv parametrlari belgilandi.

Qoidalar tashkilotlar rahbariyatining ichki nazorat tizimi samaradorligini muntazam baholab borish majburiyatini ham mustahkamlaydi.

Qimmatli qog‘ozlar bozorining professional ishtirokchilari uchun tayinlangan kontrolyor to‘g‘risidagi maʼlumotlarni har yili Agentlikka taqdim etish majburiy tartibda joriy etildi.

Bundan tashqari, kontrolyor faoliyati va mijozlarni identifikatsiya qilish jarayonlarida foydalaniladigan hujjatlar shakllari tasdiqlandi, shuningdek, JFODL/TM sohasidagi maxsus vakolatli davlat organining «Shaxsiy kabinet» tizimiga ulanish tartibi belgilandi.