O‘zbekiston va Gruziya yangi qo‘shma biznes loyihalarini muhokama qilishdi
O‘zbekiston va Gruziya yangi qo‘shma biznes loyihalarini muhokama qilishdi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 1 iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Gruziyaga davlat tashrifi arafasida Tbilisi shahrida O‘zbekiston–Gruziya Ishbilarmonlar kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi o‘rinbosari Odilxon Rustamov, Gruziya Savdo-sanoat palatasi prezidenti Georgiy Pertaya hamda ikki mamlakatning yetakchi tadbirkorlari ishtirok etdilar.
Muloqot markazida savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish, yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirish va biznes doiralari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri sheriklikni mustahkamlash masalalari bo‘ldi.
So‘nggi yillarda ikki mamlakat o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalar izchil o‘sib bormoqda. Xususan, 2017–2025 yillarda tovar ayirboshlash hajmi 89 million dollardan 267,6 million dollargacha oshdi. 2025 yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekistonning Gruziyaga eksporti 77,2 million dollar, import hajmi esa 190,4 million dollarni tashkil etdi.
Ishtirokchilar erkin savdo rejimi va transport-logistika imkoniyatlaridan yana-da samarali foydalanish orqali o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini istiqbolda 1 milliard AQSH dollariga yetkazish mumkinligini taʼkidladilar.
Shuningdek, farmatsevtika, elektrotexnika, kimyo sanoati, qurilish materiallari ishlab chiqarish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash, to‘qimachilik, vinochilik hamda transport-logistika sohalarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha aniq yo‘nalishlar ko‘rib chiqildi.
Tadbir doirasida tashkil etilgan B2B uchrashuvlari esa tadbirkorlarga yangi sheriklar topish, istiqbolli loyihalarni muhokama qilish va amaliy kelishuvlarga erishish uchun samarali maydon vazifasini o‘tadi.
Yig‘ilish yakunida O‘zbekiston va Gruziya ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi muloqotni yana-da faollashtirish, qo‘shma investitsiya tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash hamda Ishbilarmonlar kengashi doirasidagi amaliy hamkorlikni izchil davom ettirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.