O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
Turizm

Oʻzbekiston va Gruziya turizm sohasidagi hamkorlikni kengaytirmoqda

UzDaily tahririyati · 02.07.2026 · 16:45 · 35 views
Oʻzbekiston va Gruziya turizm sohasidagi hamkorlikni kengaytirmoqda

Oʻzbekiston va Gruziya turizm sohasidagi hamkorlikni kengaytirmoqda

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi raisi Abdulaziz Aqqulov boshchiligidagi delegatsiyaning Gruziyaga rasmiy tashrifi doirasida Gruziya Milliy turizm ma’muriyati rahbari Maya Omiadze bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Muloqot davomida tomonlar O‘zbekiston va Gruziya o‘rtasida turizm sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, o‘zaro sayyohlar oqimini ko‘paytirish, qo‘shma turizm mahsulotlarini yaratish va xalqaro bozorda birgalikda targ‘ib qilish masalalarini atroflicha muhokama qildilar. 

Muzokaralarda turizm statistikasini yuritish bo‘yicha ilg‘or tajribalarni o‘rganish masalasi ham muhokama qilindi. Xususan, kirish va ichki turizm statistikasini shakllantirish, aeroportlar hamda chegara o‘tish punktlarida sayyohlar o‘rtasida tanlanma so‘rovlar o‘tkazish metodologiyasi yuzasidan tajriba almashish bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yish rejalashtirildi. 

Shuningdek, kirish turizmni rag‘batlantirishning zamonaviy mexanizmlari, jumladan, soliq imtiyozlari orqali turizm biznesini qo‘llab-quvvatlash masalalari ko‘rib chiqildi. O‘zbekiston tomoni Gruziyada muvaffaqiyatli qo‘llanib kelinayotgan turoperatorlar uchun qo‘shilgan qiymat solig‘ini qaytarish va nol stavkani qo‘llash amaliyoti hamda uning turistlar oqimini oshirishdagi samaradorligi bilan yaqindan tanishishga qiziqish bildirdi.

Uchrashuv davomida tog‘, enoturizm va gastronomik turizmni rivojlantirish yo‘nalishlarida hamkorlikni kuchaytirish yuzasidan ham fikr almashildi. Gruziyaning ushbu sohalardagi muvaffaqiyatli tajribasini hisobga olgan holda, ekspertlar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, gruziyalik mutaxassislarni O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan istiqbolli loyihalarga maslahatchi sifatida jalb etish imkoniyatlari muhokama qilindi.

Shuningdek, ommaviy axborot vositalari vakillari, blogerlar va jamoatchilik fikri yetakchilari uchun o‘zaro press-turlar tashkil etish, shuningdek, O‘zbekiston va Gruziyada o‘tkaziladigan yirik xalqaro turizm ko‘rgazmalari, forumlar va boshqa nufuzli tadbirlarda muntazam ishtirok etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Uchrashuv yakunida o‘zaro sayyohlar almashinuvini ko‘paytirish, milliy turizm mahsulotlarini xalqaro bozorda faol targ‘ib qilish, qo‘shma turizm loyihalarini amalga oshirish hamda uzoq muddatli va o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha amaliy ishlarni izchil davom ettirishga kelishib olindi.