O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
Turizm

O‘zbekiston va Italiya turizm yo‘nalishidagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi

UzDaily tahririyati · 26.06.2026 · 22:35 · 34 views
O‘zbekiston va Italiya turizm yo‘nalishidagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi

O‘zbekiston va Italiya turizm yo‘nalishidagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi raisi A.Aqqulov va Italiyaning O‘zbekistondagi elchisi Gvido De Sanktis o‘rtasida turizm sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollariga bag‘ishlangan uchrashuv o‘tkazildi.

Uchrashuvda madaniy turizm, madaniy meros obyektlarini boshqarish, gastronomiya, mehmonxona biznesi, turistik yo‘nalishlar brendingi hamda kreativ turizm sohalarida hamkorlikni kuchaytirish masalalri muhokam qilindi. Shuningdek, O‘zbekistonga Italiya restoran va mehmonxona brendlarini jalb etish hamda Italiya aviakompaniyalarining O‘zbekistonga muntazam aviaqatnovlarini yo‘lga qo‘yish imkoniyatlarini ko‘rib chiqish yuzasidan fikr almashildi. 

Muzokaralarda, shuningdek, Qashqadaryo, Surxondaryo va Farg‘ona vodiysida turizmni rivojlantirish strategiyalarini ishlab chiqish, Italiyaning konsalting kompaniyalari ko‘magida zamonaviy turizm infratuzilmasi loyihalarini rejalashtirish hamda hududlarning turizm salohiyatini samarali rivojlantirish masalalari ham muhokama qilindi. 

Tomonlar O‘zbekistonga Italiyadan tashrif buyuruvchi sayyohlar soni barqaror o‘sib borayotganini hisobga olgan holda, italiyan tilida xizmat ko‘rsatuvchi gidlarni tayyorlash va ularning malakasini oshirish muhim ekanligini qayd etishdi va kelgusida bu yo‘nalishda hamkorlikda ishlash bo‘yicha kelishib olindi. 

Ma’lumot uchun, Italiya turistik bozorining O‘zbekistonga bo‘lgan qiziqishi yillar davomida o‘sib bormoqda. 2026-yilning yanvar–may oylarida O‘zbekistonga Italiyadan 18 mingga yaqin sayyohlar tashrif buyurgan.