O'zbekiston va MBK Holding sun'iy intellekt sohasida hamkorlikni kengaytirmoqda
O'zbekiston va MBK Holding sun'iy intellekt sohasida hamkorlikni kengaytirmoqda
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov Qatarning MBK Holding asoschisi va boshqaruv raisi Shayx Mansur bin Xalifa Ol Tani bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuv davomida sun’iy intellekt, raqamli infratuzilma, ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirish, axborot texnologiyalari sohasida investitsiyalarni jalb etish hamda inson kapitalini rivojlantirish yo‘nalishlarida o‘zaro hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar O‘zbekistonni sun’iy intellekt va ilg‘or raqamli texnologiyalar bo‘yicha Markaziy Osiyo hamda MDH mintaqasining muhim markazlaridan biriga aylantirish, mamlakatning yosh va iste’dodli mutaxassislarini xalqaro loyihalarga jalb etish, sun’iy intellekt yo‘nalishida yuqori malakali kadrlarni tayyorlash hamda yuqori daromadli yangi ish o‘rinlarini yaratish istiqbollari yuzasidan fikr almashdilar.
Shuningdek, sun’iy intellekt yechimlarini sog‘liqni saqlash, ta’lim va davlat boshqaruvi tizimlariga joriy etish, O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan xalqaro AT kompaniyalar bilan hamkorlikni kengaytirish hamda mamlakatning inson kapitali salohiyatidan samarali foydalanish masalalari ko‘rib chiqildi.
Uchrashuvda ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirishning zamonaviy yondashuvlari ham muhokama qilindi. Xususan, olimlarning asosiy e’tiborini ilmiy izlanishlarga qaratgan holda, innovatsion ishlanmalarni xorij bozoriga olib chiqish bo‘yicha masalalar ham muhokama qilindi.
Bundan tashqari, O‘zbekistonni mintaqaviy AT va sun’iy intellekt xabiga aylantirish, qo‘shma korxonalar tashkil etish, istiqbolli startaplarni qo‘llab-quvvatlash, xalqaro bozorlarga yo‘naltirilgan AI mahsulotlarini ishlab chiqish va eksport qilish, shuningdek, ilm-fan, ta’lim hamda biznesni o‘zaro bog‘laydigan barqaror innovatsion ekotizimni shakllantirish yuzasidan ham fikr almashildi.
Yakunda tomonlar istiqbolli yo‘nalishlar bo‘yicha hamkorlikni yanada faollashtirish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish va uzoq muddatli strategik sheriklikni rivojlantirish yuzasidan kelgusidagi amaliy qadamlarni belgilab oldilar.