O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
O‘zbekiston

Iqtisodiyot vazirligi BMT-Habitat bilan uy-joy sektorini rivojlantirishni muhokama qildi

UzDaily tahririyati · 02.07.2026 · 16:50 · 29 views
Iqtisodiyot vazirligi BMT-Habitat bilan uy-joy sektorini rivojlantirishni muhokama qildi

Iqtisodiyot vazirligi BMT-Habitat bilan uy-joy sektorini rivojlantirishni muhokama qildi

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi mas’ullari Birlashgan Millatlar Tashkilotining Aholi punktlari bo‘yicha dasturi (BMT-Habitat) bilan hamkorlikda tashkil etilgan ekspertlar davra suhbatida ishtirok etdi.

Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining topshirig‘i ijrosini ta’minlash hamda mamlakatda uy-joy siyosatini zamonaviy yondashuvlar asosida takomillashtirish maqsadida tashkil etildi.

Davra suhbatida BMT-Habitat tomonidan ishlab chiqilayotgan “Samarqand uy-joy profili” pilot loyihasining dastlabki tahliliy natijalari muhokama qilindi.

Xususan, uy-joy qurilishi hajmi va aholining uy-joyga bo‘lgan ehtiyoji, qurilish sifati, yashil qurilish tamoyillari, energiya samaradorligi, uy-joyning moliyaviy hamyonbopligi, mavjud uy-joy fondini saqlash va boshqarish, shaharlarning barqaror rivojlanishi hamda yer resurslaridan oqilona foydalanish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Muhokamalarda vazirlik mutaxassislari sohaga oid amaliy tajriba va takliflarini bildirib, uy-joy siyosatini dalillarga asoslangan tahlillar asosida takomillashtirish, hududlarni kompleks rivojlantirish hamda aholi uchun sifatli va hamyonbop uy-joylar yaratish yo‘nalishlarida xalqaro hamkorlikni yanada kengaytirish muhimligini ta’kidladilar.