Tanzila Narbaeva Janubiy Koreya Ichki ishlar vazirligi rahbari bilan jamoat xavfsizligida raqamlashtirish va sun'iy intellektni muhokama qildi
Tanzila Narbaeva Janubiy Koreya Ichki ishlar vazirligi rahbari bilan jamoat xavfsizligida raqamlashtirish va sun'iy intellektni muhokama qildi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva Koreya Respublikasi ichki ishlar va xavsizlik vaziri Yun Xo Chjun boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv oʻtkazdi.
Muloqot chogʻida Oʻzbekiston va Koreya Respublikasi oʻrtasidagi alohida strategik sheriklik munosabatlarining bugungi holati va istiqbollari muhokama qilinib, raqamli transformatsiya, sunʼiy intellekt texnologiyalarini joriy etish, elektron hukumat tizimini takomillashtirish hamda bu sohada qonunchilikni rivojlantirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Iqlim oʻzgarishi oqibatida yuzaga kelayotgan tabiiy ofatlar va favqulodda vaziyatlarning oldini olish hamda ularga tezkor javob qaytarish borasida ikki tomonlama hamkorlik masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Bu borada Koreya tajribasi asosida favqulodda vaziyatlarning oldini olish, aholini evakuatsiya qilish va xavfsizlikni taʼminlashga qaratilgan raqamli texnologiyalarni hududlar va mahallalar darajasida joriy etish imkoniyatlari haqida fikr yuritildi. Bunda mahalliy Kengashlar deputatlarining amaliy loyihalarni joylarda samarali tatbiq etishdagi ahamiyati qayd etildi.
Muloqot davomida mamlakatimizdagi koreys diasporasining ikki xalq oʻrtasida doʻstlik va madaniy-gumanitar aloqalarni mustahkamlashdagi muhim oʻrin tutishi alohida taʼkidlandi. Shuningdek, 2027-yilda koreys diasporasi Oʻzbekistonda yashayotganining 90 yilligi keng nishonlanishi qayd etildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar parlamentlararo va hududlararo hamkorlikni yanada kengaytirish orqali oʻzaro manfaatli tashabbus va loyihalarni qoʻllab-quvvatlash hamda amaliy sheriklikni izchil davom ettirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.