«Tashrifning asosiy yakuni — hamkorlikning barqaror va ortga qaytmas modelini shakllantirish»
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktorining birinchi o‘rinbosari Akramjon Ne’matovning «UzDaily.uz» internet nashriga intervyusi.
— O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Qirg‘izistonga davlat tashrifi tarixiy tashrif sifatida baholanmoqda. Sizningcha, uning asosiy siyosiy yakuni nimadan iborat?
— Shubhasiz, tashrifning eng muhim natijasi O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasida Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnomaning imzolanishi bo‘ldi. Mazkur hujjat ikki tomonlama hamkorlikni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqadi. Biroq uning ahamiyati faqat munosabatlarning yangi maqomi rasmiylashtirilgani bilan cheklanmaydi.
Mohiyatan, ittifoqchilik O‘zbekiston–Qirg‘iziston hamkorligi rivojida yangi davr boshlanganini anglatadi. Bu ishonchni mustahkamlash va to‘planib qolgan masalalarni hal etish bosqichidan erishilgan natijalarni institutsional jihatdan mustahkamlash bosqichiga o‘tishdir.
Avvalgi yillarda asosiy sa’y-harakatlar yaxshi qo‘shnichilik muhitini tiklash, eng nozik masalalarni tartibga solish, strategik sheriklikni shakllantirish va hamkorlikning mustahkam siyosiy asoslarini yaratishga qaratilgan bo‘lsa, bugungi kunda mamlakatlarimiz oldida boshqa vazifa turibdi. Bu erishilgan yutuqlarning barqarorligini ta’minlash hamda hamkorlikka uzoq muddatli va ortga qaytmas tus berishdan iborat.
Menimcha, ittifoqchilikning asosiy siyosiy falsafasi aynan shunda namoyon bo‘ladi.
Ittifoqchilik davlatlararo munosabatlarning shunchaki eng yuqori shakli yoki pirovard maqsad emas. Uning asosiy vazifasi noaniqlikni kamaytirishdan iborat. U strategik qarorlar, qo‘shma loyihalar va uzoq muddatli rejalar tashqi vaziyat, xalqaro sharoit yoki siyosiy davrlarning o‘zgarishiga kamroq bog‘liq bo‘ladigan hamkorlik tizimini yaratadi.
Boshqacha aytganda, ittifoqchilik ishonchni siyosiy resursdan barqaror institutsional mexanizmga aylantiradi.
Bugungi kunda prognoz qilinuvchanlik taraqqiyotning eng muhim strategik resurslaridan biriga aylanmoqda. Davlatlar va biznes uzoq muddatli qarorlarni faqat aniq qoidalar, yuksak ishonch va kelajakka ishonch mavjud bo‘lgan sharoitdagina qabul qiladi.
Shu bois ittifoqchilik munosabatlariga o‘tish O‘zbekiston va Qirg‘iziston birgalikdagi taraqqiyotni har ikki mamlakat milliy manfaatlarini ro‘yobga chiqarishning eng samarali yo‘li sifatida ko‘rayotganini anglatadi.
Endilikda gap vaqti-vaqti bilan amalga oshiriladigan hamkorlik haqida emas, balki kelgusi o‘n yilliklarga mo‘ljallangan barqaror hamkorlik tizimini yaratish haqida bormoqda.
— Nima uchun aynan barqarorlik bugungi kunda ikki tomonlama hamkorlikning asosiy omiliga aylanmoqda?
— Chunki hamkorlik ko‘lami va mazmuni sifat jihatidan tubdan o‘zgardi.
Bugungi kunda O‘zbekiston va Qirg‘iziston ikki tomonlama kun tartibi doirasidan ancha keng ahamiyatga ega loyihalarni amalga oshirmoqda. Bular Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston temir yo‘li, Qambarota GES-1 loyihasi, transport-logistika infratuzilmasini rivojlantirish hamda qo‘shma ishlab chiqarish zanjirlarini shakllantirishdir.
Ushbu tashabbuslarning barchasi uzoq muddatli xususiyatga ega bo‘lib, ularni amalga oshirish uchun nafaqat siyosiy qo‘llab-quvvatlash, balki barqaror muhit ham zarur.
Yangi darajadagi munosabatlardan, avvalo, ikki mamlakat fuqarolari manfaatdor ekanini alohida ta’kidlash muhim.
Aynan odamlar yaxshi qo‘shnichilik siyosatining amaliy natijalarini bugunning o‘zidayoq his qilmoqda: savdo aloqalari kengaymoqda, chegaraoldi hamkorligi rivojlanmoqda, sayyohlik va gumanitar almashinuvlar ortmoqda.
Birgina o‘tgan yili O‘zbekistonga Qirg‘izistonning qariyb 3,3 million fuqarosi tashrif buyurdi. Ayni paytda O‘zbekiston fuqarolarining Qirg‘izistonga sayohatlari ham ko‘paymoqda, hududlar o‘rtasidagi aloqalar kengayib, tadbirkorlik faolligi oshmoqda.
Demak, hamkorlik nafaqat davlatlararo munosabatlar masalasi, balki odamlarning kundalik hayotining bir qismiga aylanmoqda.
Biroq masalaning yanada kengroq jihati ham mavjud.
Xalqaro investorlar, moliyaviy institutlar, logistika operatorlari va sanoat kompaniyalari uchun loyihalarning iqtisodiy jozibadorligigina emas, balki ularning barqaror va prognoz qilinadigan muhitda amalga oshirilishiga ishonch ham muhim.
Har qanday yirik infratuzilma yoki sanoat loyihasi o‘n yilliklarga mo‘ljallangan investitsiyadir. Shu sababli investorlar nafaqat iqtisodiy ko‘rsatkichlarni, balki siyosiy barqarorlik darajasini ham baholaydi.
Ittifoqchilik aynan shu jihatdan muhim o‘rin tutadi. U noaniqlikni kamaytiradi, ishonchni mustahkamlaydi va uzoq muddatli hamkorlik uchun qo‘shimcha kafolatlar yaratadi.
Qo‘shni davlatlar o‘rtasida yuksak ishonch mavjud bo‘lsa, samarali muvofiqlashtirish mexanizmlari faoliyat yuritsa va hamkorlikning institutsional asoslari shakllangan bo‘lsa, siyosiy xatarlar obyektiv ravishda kamayadi.
Natijada nafaqat O‘zbekiston va Qirg‘izistonning, balki butun Markaziy Osiyoning investitsiyaviy jozibadorligi ortadi.
— Siz barqarorlikni munosabatlarning yangi bosqichidagi asosiy natija sifatida tilga oldingiz. Bugungi kunda qaysi sohalar eng ko‘p institutsional kafolatlarni talab qiladi va ularni mustahkamlash uchun nimalar qilish lozim?
— So‘nggi yillarda mamlakatlarimiz o‘rtasida samarali hamkorlik mexanizmlari shakllantirildi va asosiy yo‘nalishlarda izchil taraqqiyot kuzatilmoqda. Endilikdagi vazifa ushbu yutuqlarni mustahkamlash, ularni yanada barqaror qilish va hamkorlikning yangi ko‘lamiga moslashtirishdan iborat.
Menimcha, avvalo, uzoq muddatli oqibatlarga ega hamda butun mintaqa barqarorligiga bevosita ta’sir ko‘rsatadigan yo‘nalishlar haqida so‘z bormoqda.
Birinchidan, bu chegaraoldi hamkorligidir. Davlat chegarasi masalasining tartibga solinishi tarixiy yutuq bo‘ldi. Biroq navbatdagi bosqich chegaraoldi hududlarini birgalikdagi taraqqiyot makoniga aylantirishdan iborat. Buning uchun hududlar o‘rtasida infratuzilma, savdo, suv resurslari va mahalliy aholi manfaatlari bilan bog‘liq amaliy masalalarni tezkor hal etish imkonini beradigan barqaror hamkorlik mexanizmlari zarur.
Ikkinchi yo‘nalish — suv-energetika hamkorligi. Bu sohada vaziyatga qarab erishiladigan kelishuvlar modelidan tomonlarning xarajatlari, manfaatlari va mas’uliyatini xolis hisobga olishga asoslangan uzoq muddatli resurslarni birgalikda boshqarish tizimiga bosqichma-bosqich o‘tish muhim. Suv va energiya raqobat sohasi emas, balki o‘zaro manfaatli sheriklikning asosi sifatida qaralishi lozim.
Uchinchi yo‘nalish — ekologik va favqulodda vaziyatlar bilan bog‘liq tahdidlarga birgalikda javob qaytarishdir. Iqlim o‘zgarishi sharoitida axborot almashinuvi, xatarlarni prognozlash va harakatlarni muvofiqlashtirish mexanizmlarini rivojlantirish zarur.
Bugungi kundagi asosiy vazifa erishilgan siyosiy ishonch darajasini barqaror institutlar va tartib-taomillarga aylantirishdir. Shunda hamkorlik faqat joriy siyosiy irodaga bog‘liq bo‘lib qolmay, doimiy faoliyat yuritadigan tizimning ajralmas qismiga aylanadi.
Yangi bosqichning mazmuni ham aynan shunda — ishonchni hamkorlikning barqaror infratuzilmasiga aylantirishda namoyon bo‘ladi.
— Tashrif natijalari O‘zbekiston–Qirg‘iziston kun tartibi doirasidan ancha keng ekanini aytish mumkinmi?
— Albatta. Bugungi kunda gap faqat ikki tomonlama munosabatlar haqida bormayapti. O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasida barqaror ittifoqchilikning shakllanishi butun Markaziy Osiyoning xavfsizlik va taraqqiyot arxitekturasini mustahkamlovchi muhim omilga aylanmoqda.
Mintaqa tashqi sheriklar uchun yanada prognoz qilinadigan bo‘lib bormoqda.
Global beqarorlik sharoitida aynan prognoz qilinuvchanlik davlatlar va mintaqalarning muhim ustunliklaridan biriga aylanadi. Investorlar hamda xalqaro kompaniyalar endilikda faqat resurslar yoki geografik ustunliklarga emas, balki davlatlarning barqaror va aniq qoidalarni ta’minlash salohiyatiga ham tobora ko‘proq e’tibor qaratmoqda.
Bugungi kunda Markaziy Osiyo aynan shunday modelni bosqichma-bosqich shakllantirmoqda.
Mintaqa mamlakatlarining murakkab masalalarni mustaqil hal etish, keng ko‘lamli qo‘shma loyihalarni amalga oshirish va uzoq muddatli taraqqiyot strategiyalarini ishlab chiqish salohiyati ortgani sari uning xalqaro subyekt sifatidagi mavqeyi ham sezilarli darajada yuksaladi.
Mintaqa endilikda alohida davlatlar yig‘indisi sifatida emas, balki o‘z kun tartibiga ega va kelajagi uchun shart-sharoitlarni mustaqil shakllantira oladigan yagona hamkorlik makoni sifatida qabul qilina boshlaydi.
Bu Markaziy Osiyoning strategik avtonomiyasini mustahkamlaydi, raqobatbardoshligini oshiradi va shakllanayotgan yangi jahon iqtisodiyoti arxitekturasi sharoitida mintaqani yanada jozibador sherikka aylantiradi.
— Tashrifning iqtisodiy natijalari ham juda salmoqli ko‘rinadi. Ushbu raqamlar nimadan dalolat beradi?
— Avvalo, ular O‘zbekiston–Qirg‘iziston hamkorligi mazmunining chuqur o‘zgarganidan dalolat beradi.
So‘nggi yillarda o‘zaro savdo hajmi qariyb o‘n barobar oshdi. 2025-yil yakunlariga ko‘ra, tovar ayirboshlash hajmi 1,2 milliard AQSH dollaridan oshib, oldingi yilga nisbatan 37 foizga ko‘paydi. Joriy yilning birinchi yarim yilligida esa o‘sish yana 45 foizni tashkil etdi.
Ikki davlat rahbarlari tomonidan o‘zaro savdo hajmini 3 milliard AQSH dollariga yetkazish bo‘yicha yangi strategik maqsad belgilandi.
Biroq miqdoriy ko‘rsatkichlardan ko‘ra iqtisodiy hamkorlik tarkibida yuz berayotgan sifat o‘zgarishlari muhimroqdir.
Avval savdoning asosini, asosan, an’anaviy qishloq xo‘jaligi mahsulotlari almashinuvi tashkil etgan bo‘lsa, bugungi kunda sanoat tovarlari, chuqur qayta ishlangan mahsulotlar, kimyo sanoati, mashinasozlik va qo‘shma ishlab chiqarishning ulushi tobora ortmoqda.
Qariyb 450 ta qo‘shma korxona tashkil etilgan, O‘zbekiston–Qirg‘iziston taraqqiyot jamg‘armasi tomonidan amalga oshirilgan loyihalar portfeli esa 100 million AQSH dollaridan oshgan.
Bularning barchasi oddiy tovar ayirboshlash modelidan qiymatni birgalikda yaratish modeliga o‘tilayotganini ko‘rsatadi.
Aynan shunday hamkorlik shakli yuqori darajadagi barqarorlikni ta’minlaydi. Ikki mamlakat iqtisodiyotlari o‘zaro chambarchas bog‘lanib, korxonalar umumiy ishlab chiqarish jarayonlarida ishtirok eta boshlaganda, nafaqat iqtisodiy manfaat, balki barqaror munosabatlarni saqlab qolishga uzoq muddatli manfaatdorlik ham paydo bo‘ladi.
Bunday hamkorlik natijalari fuqarolarning turmush sifatiga ham bevosita ta’sir ko‘rsatadi. Tovarlar assortimenti kengayadi, yangi ish o‘rinlari yaratiladi, tadbirkorlik uchun yangi imkoniyatlar paydo bo‘ladi, ikki mamlakat hududlari o‘rtasidagi ishbilarmonlik aloqalari mustahkamlanadi.
Shu tariqa, iqtisodiy integratsiya nafaqat o‘sish omili, balki ikki tomonlama munosabatlar barqarorligining muhim tarkibiy qismiga aylanadi.
— Qo‘shma ishlab chiqarish zanjirlariga o‘tish nimani anglatadi?
— Menimcha, bu hamkorlikning yangi bosqichidagi eng muhim xususiyatlardan biridir.
Bugungi kunda jahon iqtisodiyoti tobora parchalanib bormoqda. Global yetkazib berish zanjirlari o‘zgarmoqda, bozorlar, texnologiyalar va investitsiyalar uchun raqobat kuchaymoqda, tashqi omillarning davlatlar iqtisodiy taraqqiyotiga ta’siri ortmoqda.
Bunday sharoitda o‘z ishlab chiqarish, texnologik va logistika zanjirlarini shakllantira oladigan mamlakatlar va mintaqalar eng barqaror bo‘ladi.
Bugungi kunda O‘zbekiston va Qirg‘iziston aynan shunday modelni birgalikda shakllantirmoqda.
Gap endilikda bir-biriga shunchaki mahsulot yetkazib berish haqida emas, balki ikki mamlakat korxonalari yagona ishlab chiqarish tizimining tarkibiy qismiga aylanadigan umumiy taraqqiyot makonini yaratish haqida bormoqda.
Bu har bir iqtisodiyotning raqobat ustunliklaridan samaraliroq foydalanish, yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarish, tashqi bozorlarga birgalikda chiqish va tashqi tebranishlarga qaramlikni kamaytirish imkonini beradi.
Boshqacha aytganda, jahon bozoridagi o‘zgarishlarga moslasha oladigan yanada barqaror iqtisodiy model yaratilmoqda.
Shu ma’noda, ittifoqchilik nafaqat siyosiy hamkorlik shakli, balki ikki mamlakat va butun mintaqaning iqtisodiy barqarorligiga yo‘naltirilgan uzoq muddatli investitsiyadir.
Mazkur nuqtayi nazardan, 2026–2027-yillarga mo‘ljallangan agrosanoat majmuasi sohasidagi hamkorlik rejasi alohida ahamiyatga ega.
Mamlakatlarimiz qishloq xo‘jaligida bir-birini to‘ldiruvchi katta salohiyatga ega. Qayta ishlashni birgalikda rivojlantirish, agrosanoat zanjirlarini yaratish, texnologiyalar almashinuvi va ishlab chiqarish jarayonlarini muvofiqlashtirish mavjud resurslardan foydalanish samaradorligini oshirish imkonini beradi.
Bu nafaqat savdo hajmining o‘sishiga, balki ikki davlat oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlashga ham xizmat qiladi.
— Transport loyihalariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Nima uchun ular bunchalik muhim ahamiyat kasb etmoqda?
— Chunki bugungi kunda transport jihatidan o‘zaro bog‘liqlik iqtisodiy taraqqiyot va mintaqalarning xalqaro raqobatbardoshligini belgilovchi asosiy omillardan biriga aylanmoqda.
Biz jahon iqtisodiyotining chuqur qayta shakllanayotganini kuzatmoqdamiz: yetkazib berish yo‘nalishlari o‘zgarmoqda, yangi ishlab chiqarish va savdo markazlari shakllanmoqda, Osiyoning global iqtisodiy makondagi roli ortmoqda.
Bunday sharoitda Markaziy Osiyo, asosan, qit’a ichkarisida joylashgan mintaqa maqomidan transkontinental o‘zaro bog‘liqlikning muhim markaziga aylanish uchun noyob imkoniyatga ega bo‘lmoqda.
Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston temir yo‘li qurilishini aynan shu nuqtayi nazardan ko‘rib chiqish lozim.
Bu shunchaki transport loyihasi emas. U mintaqaning iqtisodiy geografiyasini o‘zgartirish salohiyatiga ega loyihadir.
Prognozlarga ko‘ra, mazkur yo‘nalish bo‘yicha yuk tashish hajmi 2032-yilga borib yiliga 15 million tonnaga, 2040-yilga kelib esa 20 million tonnaga yetishi mumkin. Shu bilan birga, loyihani amalga oshirish muddati oldingi davrga — 2028–2029-yillarga ko‘chirildi.
Biroq ushbu magistralning ahamiyati transport sohasi doirasidan ancha kengdir.
Uning atrofida yangi logistika markazlari, sanoat zonalari, savdo maydonchalari va ishlab chiqarish quvvatlari shakllanadi. Temir yo‘l Markaziy Osiyoning global iqtisodiy jarayonlarga yanada chuqur integratsiyalashuvi uchun asos bo‘ladi.
Xalqaro logistika operatorlari uchun temir yo‘l faqat infratuzilma masalasi emas. Bu yo‘nalishning ishonchliligi, xavfsizligi va prognoz qilinuvchanligi masalasidir.
Shu bois mintaqa mamlakatlari bugungi kunda dunyoga shunchaki yangi transport yo‘lagini emas, balki barqaror hamkorlik platformasini taklif qilmoqda.
Bunday platformani esa ishonch va siyosiy barqarorliksiz yaratib bo‘lmaydi.
Ittifoqchilikning strategik ahamiyati yana shu o‘rinda namoyon bo‘ladi: u noaniqlikni kamaytiradi va o‘n yilliklarga mo‘ljallangan loyihalarni amalga oshirish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratadi.
— Tashrif mintaqaviy xavfsizlikka ham ta’sir ko‘rsatmoqda, deb aytish mumkinmi?
— Shubhasiz. Bunda xavfsizlikning zamonaviy va kompleks mazmuni nazarda tutilmoqda.
Bugungi kunda xavfsizlik faqat harbiy soha bilan cheklanmaydi. U chegaralar barqarorligi, energetika va suv xavfsizligi, transport jihatidan o‘zaro bog‘liqlik, iqtisodiy taraqqiyot hamda davlatlarning yangi tahdidlarga birgalikda javob qaytarish salohiyatini ham qamrab oladi.
Shu nuqtayi nazardan, chegaraoldi hamkorligini yanada rivojlantirish, o‘tkazish punktlari sonini 15 tadan 30 taga yetkazish, Qambarota GES-1 loyihasini amalga oshirish va suv resurslaridan birgalikda foydalanish bo‘yicha erishilgan kelishuvlar katta ahamiyatga ega.
Avvallari nozik hisoblangan masalalar bugungi kunda bosqichma-bosqich amaliy hamkorlik yo‘nalishiga o‘tayotgani ayniqsa muhim.
Chegara ajratib turuvchi chiziqdan iqtisodiy, gumanitar va infratuzilmaviy hamkorlik makoniga aylanmoqda.
Iqtisodiy jihatdan o‘zaro bog‘langan davlatlar esa barqarorlikni saqlab qolishdan obyektiv ravishda manfaatdor bo‘ladi.
Shu sababli hamkorlikni rivojlantirish uzoq muddatli xavfsizlikni mustahkamlashning eng samarali vositalaridan biriga aylanmoqda.
— Ayni paytda ikki mamlakat o‘rtasidagi ekspert hamkorligi ham rivojlanmoqda. Bu qanchalik muhim?
— Bugungi kunda strategik sheriklikni faqat siyosiy kelishuvlar hisobiga ta’minlab bo‘lmaydi.
U muntazam tahlil, prognozlash, ehtimoliy xatarlarni baholash hamda uzoq muddatli tendensiyalarni hisobga oladigan qarorlarni ishlab chiqishni talab qiladi.
Hozirgi dunyoda ekspert-tahliliy ta’minot noaniqlikni kamaytirishning eng muhim mexanizmlaridan biriga aylanmoqda.
Uning vazifasi faqat sodir bo‘layotgan jarayonlarni tahlil qilish emas, balki ehtimoliy tahdidlarni oldindan aniqlash, global o‘zgarishlarning ta’sirini baholash va muammolar amaliy tus olishidan avval yechimlar taklif etishdan iborat.
Shu bois 2024-yilda Qirg‘iz Respublikasi Prezidentining O‘zbekistonga davlat tashrifi yakunida tashkil etilgan O‘zbekiston–Qirg‘iziston ekspertlar kengashi alohida ahamiyat kasb etadi.
Kengashning navbatdagi yig‘ilishi aynan hozirgi davlat tashrifi arafasida o‘tkazilgani ham e’tiborlidir.
Ekspertlar hamjamiyati tomonidan ishlab chiqilgan taklif va tavsiyalar oliy darajadagi muzokaralarni mazmunan tayyorlash jarayonining bir qismiga aylandi.
Bugungi kunda mazkur mexanizm oddiy ekspert maydoni doirasidan chiqmoqda.
U ittifoqchilik munosabatlarini intellektual jihatdan qo‘llab-quvvatlaydigan, ularni yangi sharoitlarga moslashtiradigan va uzoq muddatli qarorlar ishlab chiqishga ko‘maklashadigan platformaga aylanmoqda.
Ikki mamlakat rahbariyatining siyosiy irodasi bilan professional ekspert-tahliliy ko‘makning uyg‘unligi barqaror hamkorlik modelini shakllantirish imkonini beradi.
— Sizningcha, hozirgi tashrif Markaziy Osiyoning kelajagi uchun qanday ahamiyatga ega?
— Asosiy xulosa shundan iboratki, Markaziy Osiyo mintaqaviy taraqqiyotning yangi modeliga bosqichma-bosqich o‘tmoqda.
Bugungi kunda mintaqa davlatlari alohida ikki tomonlama aloqalarni rivojlantirish bilangina cheklanmayapti. Ishonch, o‘zaro manfaat, iqtisodiy kooperatsiya va mintaqa kelajagi uchun umumiy mas’uliyatga asoslangan birgalikdagi taraqqiyot makoni shakllanmoqda.
O‘zbekiston Prezidentining Qirg‘izistonga davlat tashrifi Markaziy Osiyo davlatlari va Ozarbayjon rahbarlarining norasmiy Maslahat uchrashuvi bilan bir vaqtda o‘tgani ham e’tiborlidir.
Bu ikki tomonlama munosabatlar yanada keng mintaqaviy sharoitda rivojlanayotganini yana bir bor ko‘rsatadi.
Mintaqa ichidagi ishonch mustahkamlangani sari Markaziy Osiyo investorlar, xalqaro moliyaviy institutlar va global biznes uchun yanada jozibador bo‘lib bormoqda.
Bu keng ko‘lamli infratuzilma loyihalarini amalga oshirish, zamonaviy ishlab chiqarish va transport yo‘laklarini shakllantirish, sanoatni rivojlantirish hamda aholi farovonligini oshirish uchun yangi imkoniyatlarni anglatadi.
Menimcha, hozirgi tashrifning tarixiy ahamiyati aynan shunda.
U ishonchni mustahkamlash siyosatidan ishonchni institutsionallashtirish siyosatiga o‘tishni anglatadi.
Bu esa sifat jihatidan mutlaqo yangi bosqichdir.
Bugungi kunda Markaziy Osiyoning asosiy raqobat ustunligi faqat uning geografik joylashuvi va tabiiy resurslari emas, balki barqaror hamkorlik muhitini yaratish, noaniqlikni kamaytirish va uzoq muddatli prognoz qilinuvchanlikni ta’minlash qobiliyatidir.
Aynan shu omil mintaqani investitsiyalar uchun yanada jozibador, tashqi larzalarga nisbatan barqaror va shakllanayotgan jahon tartibining yanada ta’sirchan ishtirokchisiga aylantiradi.
Shu sababli O‘zbekiston–Qirg‘iziston ittifoqchiligini ikki tomonlama munosabatlar taraqqiyotining yakuniy nuqtasi sifatida emas, balki ishonch, umumiy mas’uliyat va kelajakka ishonchga asoslangan Markaziy Osiyoning yangi modelini shakllantirishga xizmat qiladigan strategik vosita sifatida ko‘rish lozim.