O'zbekistondagi ijtimoiy muassasalar sog'lom ovqatlanish tizimini takomillashtirmoqda
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Ijtimoiy himoya milliy agentligida Rossiyaning “Tarmoq ovqatlanish instituti” vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Muloqot davomida ijtimoiy himoya tizimi tashkilotlarida sog‘lom ovqatlanishning ahvoli, zamonaviy yondashuvlarni joriy etish, sohani normativ-uslubiy jihatdan rivojlantirish, mutaxassislar malakasini oshirish hamda ilg‘or xalqaro tajribani keng tatbiq etish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida tomonlar o‘rtasida O‘zaro anglashuv va hamkorlik memorandumi imzolandi.
Ushbu hujjat quyidagi asosiy yo‘nalishlarda birgalikda ish olib borish uchun huquqiy asos yaratadi:
- Ijtimoiy muassasalar uchun zamonaviy ovqatlanish standartlari va uslubiy tavsiyalarni ishlab chiqish;
- Oziq-ovqat mahsulotlarini xarid qilish va yetkazib berish tizimini takomillashtirish hamda zamonaviy texnologiyalarni joriy etish;
- Soha mutaxassislarining malakasini oshirish hamda xalqaro ekspertlar bilan tajriba almashinuvini yo‘lga qo‘yish.
Ushbu hamkorlik Agentlik tizimidagi muassasalarda yashovchi fuqarolarga ko‘rsatilayotgan xizmatlar va ovqatlantirish sifatini yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.