Oʻzbekiston Turkiyadagi sammitda oʻzining investitsiya salohiyatini taqdim etdi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston elchixonasi diplomatlari Turkiyaning Kastamonu shahrida bo‘lib o‘tgan “G‘arbiy Qoradengiz” xalqaro iqtisodiy sammitida ishtirok etdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Turikyaning “ULUSKON” savdo uyushmasi, Kastamonu Savdo-sanoat palatasi (KATSO) tomonidan tashkil etilgan tadbirda O‘zbekistonning savdo-iqtisodiy, investitsiya imkoniyatlari, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar haqida maʼlumot berildi. Shu bilan birga, yurtimizda xorijiy investorlar uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlar, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari xususida to‘xtalib o‘tildi.
Kastamonu viloyati Savdo-sanoat palatasi rahbariyati bilan bo‘lib o‘tgan muzokaralarda mebel, eshiklar va yog‘och mahsulotlari ishlab chiqarish sohasida sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish masalasida fikr almashildi.
Tomonlar birgalikda yarim tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, ikki mamlakat korxonalari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni kengaytirish masalalari muhokama qildi. Shuningdek, Turkiyaning “Gülcan Mobilya”, “Dortek” va “Zintaş” kompaniyalari bilan ishbilarmonlik aloqalari o‘rnatildi.
Tashrif doirasida elchixona vakillari “Miskos” kompaniyasining ishlab chiqarish faoliyati bilan ham tanishdi. Turkiya tomoni O‘zbekiston bozoriga kirish, o‘z mahsulotlarini respublikaning yirik savdo tarmoqlari orqali ilgari surish hamda mahalliy hamkorlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlikni yo‘lga qo‘yishdan manfaatdor ekanini bildirdi.
“F-Istanbul” xalqaro oziq-ovqat ko‘rgazmasi doirasida O‘zbekiston savdo kompaniyalari vakillari bilan B2B formatida uchrashuvlar tashkil etish istiqbollari ko‘rib chiqildi.
Kastamonu viloyati gubernatori Hasan Baltaji bilan uchrashuvda esa hududlararo hamkorlik masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Tomonlar sanoat kooperatsiyasini, avvalo, mebel, eshiklar va yog‘och mahsulotlari ishlab chiqarish sohalarida, taʼlim, tog‘, sog‘lomlashtirish va sport turizmi yo‘nalishlarida hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari xususida so‘z yuritdi.
Muzokaralar yakunida ishbilarmonlar delegatsiyasi tashrifni tashkil etish, tadbirkorlar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni kengaytirish, sheriklik munosabatlarini yo‘lga qo‘yishga kelishib olindi.